Al-Xorazmiy vorislari akademik bilan uchrashdi

Samarqand shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi 2-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilarining O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Jo‘raqul Sattorov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Olim so‘zi avvalida ixtisoslashgan maktablarda o‘quvchilarning yaratuvchanlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan darslar tashkil etish, o‘quvchilarga amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni hayotga joriy etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

- Fanlar akademiyasi tizimida faoliyat yuritayotgan laboratoriyalar faoliyati bilan o‘quvchilarni doimiy ravishda tanishtirib borish lozim, - dedi akademik olim J.Sattorov. – Akademiya bo‘limlarida olib borilayotgan ilmiy izlanish bilan ixtisoslashgan maktablarning yuqori sinf o‘quvchilarini tanishtirish, ularning innovatsion g‘oya va ishlanmalarini rivojlantirish, rag‘batlantirish muhim ahamiyatga ega. Tizimdagi olimlar bu borada ushbu maktablar bilan hamkorlikka doim tayyor. Bu muassasalarda tashkil etilgan “Yosh akademiklar” to‘garaklari faoliyatini shu tariqa jonlantirish lozim. 

Ta’kidlash o‘rinli, Jo‘raqul Sattorov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq  xo‘jaligi xodimi, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining xaqiqiy a’zosi, Nyu-York Fanlari Akademiyasi va Xalqaro Informatika  akademiyasi a’zosi, 1987-2000 yillarda O‘zbekiston Tuproqshunoslar va agroximiklar jamiyati prezidenti sifatida faoliyat olib borgan. 

Farangiz Xudoyorova, maktab-internat maslahatchisi.