Alifboni isloh qilish – davr talabi
2017 yilda lotin yozuvi asosida o‘z alifbosini yaratib, 2025 yilgacha to‘liq o‘tishni rejalashtirayotgan qozoq qardoshlarimiz yaqinda butun Qozog‘iston bo‘ylab yangi alifboda diktant yozish tadbirini o‘tkazishdi. Diktant yozishda aholining barcha qatlamlari, hatto vazirlar ham katta mamnuniyat bilan ishtirok etishdi. Qirg‘iz qardoshlarimiz ham o‘z alifbolarini lotinga o‘zgartirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini olib boryaptilar.
Faqat biz 1993 yil oliy organimiz tomonidan tasdiqlangan, 1995 yilda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan, o‘rta umumta’lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari, hatto oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya berilayotgan, ish qog‘ozlari yuritilayotgan, ta’lim tizimiga doir barcha o‘quv adabiyotlari to‘liq o‘tkazilgan, ilmiy, badiiy adabiyotlarning ma’lum qismi nashr etilayotgan yangi o‘zbek alifbosiga nima uchun to‘liq o‘ta olmayapmiz? Albatta, buning bir nechta sabablari bor. Mamlakatimiz, jamiyatimiz taraqqiyotini, kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimiz erishayotgan muvaffaqiyatlarni tan olmayotgandek tuyulayotgan ayrim kishilar birinchi va asosiy sabab qilib yigirma yildan ortiq muddatdan buyon amalda bo‘lgan yangi o‘zbek alifbosidagi ayrim noqisliklarni ro‘kach qilib ko‘rsatmoqdalar va shu bahonada lotin alifbosi umuman yaroqsiz, mamlakatni savodsiz qiladi, degan o‘ta asossiz da’volarni bildirmoqdalar. Dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston mamlakatlari va ularning davlat tillariga mos kelayotgan lotin yozuvi nima uchun turkiy tillar oilasiga mansub o‘zbek tiliga mos kelmas ekan?!
To‘g‘risi, alifboda ayb ham, muammo ham yo‘q. Ayb ham, muammo ham o‘zimizda. Axir bu alifbo kashf etilganiga necha ming yil bo‘lgan. Bugungi kunda taraqqiy etgan yetmish mamlakatda dunyo aholisining o‘ttiz foizi shu yozuv asosidagi o‘z alifbolarini yaratgan. Yangi alifbomiz yoshlarimizga va bizning tilimizni o‘rganishga bel bog‘lagan chet elliklarga axborot texnologiyalaridan foydalanishda qulayligi bilan barchaga qo‘l kelmoqda. Ammo alifbo tarkibidagi ayrim nuqsonlarga kelsak, ularni deb yangi alifbodan voz kechish emas, nuqsonlarni bartaraf etish yo‘llarini qidirish kerak. Ayrimlar maqtayotgan, voz kechishni istamayotgan kirill alifbosida nuqsonlar bo‘lmaganda edi, undan voz kechilib, yangi alifboga o‘tish to‘g‘risida gap-so‘z ham bo‘lmas, qonunlar ham, davlat dasturlari ham qabul qilinmas edi.
Yangi alifboga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish, imlo qoidalarini mukammallashtirish borasida bahslarda ma’lum bir to‘xtamga kelinmayotgani nafaqat ona tili va adabiyot o‘qituvchilarini, balki ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan ustoz va murabbiylarni, umuman, barcha ziyolilarni o‘ylantirmoqda. Joriy etilayotgan yangi alifboni qat’iy bir tartibga keltirib, imlo qoidalarini takomillashtirmas ekanmiz, savodxonligimizning yuqori darajada bo‘lishi uchun qilayotgan sa’y-harakatlarimizning samarasi ham ko‘ngildagidek bo‘lishi qiyin. Quyida yangi alifbomizning mukammal bo‘lishi va imlo qoidalarimizning takomillashtirilishiga doir bir qator takliflarimizni mushtariylarimiz va muhtaram mutaxassislarimiz e’tiboriga havola etamiz. Amalga tatbiq etilayotgan yangi alifbo biz uchun mutlaqo yangi alifbo emas. Chunki bu alifbodan xalqimiz 1929 yildan 1940 yil sentabr oyigacha o‘n yildan ortiq foydalangan. O‘sha alifboning tarkibi quyidagicha edi: Aa(o), Bb, Cs(che), Çç(dj), Dd, Ee(e), Әә(a), Ff, Gg, Ƣƣ(g‘e), Hh, Ii, Jj(y), Kk, Ll, Mm, Nn, Ŋŋ(ng), Oo(o‘), Pr, Qq, Rr, Ss, Şş(sh), Tt, Uu, Vv, Xx, Z z, Ƶ ƶ(j). 1940 yilgacha iste’molda bo‘lgan mazkur alifboda 30 harf bo‘lib, ularning oltitasi unli: Aa(o), Ee(e), Әә(a), Ii(i), Oo(o‘), Uu (u) va qolgan 24 tasi undosh tovushlarni ifodalash uchun xizmat qilgan. Bu alifbodagi 10 ta harf hozir qo‘llanilayotgan harflarimizdan shakl jihatdan bir oz farq qiladi. Bular quyidagilar: Aa(o), Cs(che), Çç(dj-jo‘ja), Әә(a), Ƣƣ(g‘e), Jj(y), Ŋŋ(ng), Oo(o‘), Şş(sh), Ƶ ƶ(j-jurnal). Lotin yozuviga asoslangan mazkur alifbodan 1940 yil may oyida qabul qilingan qonunga binoan bor-yo‘g‘i uch oy ichida kirill yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga o‘tib ketilgan.
1993 yil 2 sentabrda qabul qilinib, 1995 yil 5 mayda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan va hozirda qo‘llanishda bo‘lgan yangi alifbomizda 26 harf va 3 ta harflar birikmasi mavjud: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, O‘o‘, G‘g‘, SHsh, CHch, NGng. Ushbu alifbodagi oxirgi 2 ta harf va 3 ta harflar birikmasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha bahs-munozaralar matbuot sahifalari va ijtimoiy tarmoqlarda davom etmoqda. Biz ham ushbu harflar birikmasi o‘rniga quyidagi harflar shakllarini tavsiya etamiz: Ōō(o‘), Ĝĝ(g‘), Ŝŝ(sh), Ĉĉ(ch), Ñň(ng) yoki Ōō(o‘), Ĝĝ(g‘), Şş, Çç, Ŋᶇ(ng) tarzida. Shuningdek, 1993 yil alifbo sirasiga kiritilib, 1995 yil chiqarib tashlangan Cc(s), Ɉɉ (ɉ – mujda, gijda) harflari ham alifboga yana qaytar ilsa, boshqa tillardan o‘zlashgan juda ko‘plab baynalmilal so‘zlarni asliga yaqin yozish, to‘g‘ri talaffuz qilish, imlosini o‘rganish osonlashardi va ana shunda alifbomizda jami 29 ta emas, 31 ta harf mavjud bo‘lar edi. Alifboda ikkita harfning ortiqchaligi yoki kamligi unchalik katta qiyinchilik tug‘dirmaydi. Axir 20 mingga yaqin iyeroglif bilan yaponlar, 50 mingga yaqin iyeroglif bilan xitoyliklar dunyoning ilg‘or ilm-fanini egallabgina qolmasdan, zamonaviy elektrotexnika va boshqa ko‘plab sohalarda boshqalardan anchagina o‘zib ketishlariga necha ming yillik tarixga ega murakkab yozuvlari xalaqit berayotgani yo‘q.
Fikrimizni yangi alifbomizga Nn va Gg harflari bilan bir qatorda, o‘zbek tilining o‘ziga xos burun tuvushini ifodalovchi NG ng harflar birikmasining “adashib” kirib qolganligi haqidagi mulohazalar bilan davom ettirsak. Yozuvda so‘zlar tarkibidagi ng harflar birikmasini har ikkalasi mustaqil holda, alohida [n] va [g] undosh tovushlarini ifodalovchi n va g harflaridan farqlashning imkoni yo‘q. Chunki ular shakl jihatidan bir xildir. Masalan, quyidagi so‘zlarda ma’no farqlash uchun xizmat qiladigan ng harflar birikmasi bilan yoziladigan burun tovushli so‘zlarni n va g harflari bilan alohida yoziladigan so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz etish uchun ularni bir-biridan farqlashning hech ham iloji yo‘q. Marhamat, farqlang: tanga (mayda, chaqa pul), tanga (tanaga, gavdaga), ko‘ngil (yurak, dil, qalb) , ko‘ngil (rozi bo‘l), tongin (tong paytini), tongin (inkor et), singil (qiz qarindosh), singil (sinib ketgin), to‘ngimoq (sovqotmoq, muzlamoq) tungi (tun paytidagi), o‘ngimoq (rangi o‘chmoq, eskirmoq), o‘ngi (o‘ng tarafidagi), engil (ust-bosh), engil (pastga, quyiga tush) va hokazo kabi. Tilimizda bunday so‘zlar ko‘p. Ularda ng burun tovushini ifodalovchi harflar birikmasi hamda n va g harflari yozuvda bir xil shakllarda beriladiki, ularning qaysi birida ng harflar birikmasi, qaysi birida esa har biri bir mustaqil undosh tovush ifodalovchi alohida harflar ekanligini farqlab bo‘lmaydi, shakl jihatidan farqlanmasa, talaffuzda qanday farqlash mumkin? Vaholanki, nutqimizda ular yaqqol farqlanadi va shunga qarab o‘z o‘rnida qo‘llayveramiz. Afsuski, buni farqlay olmaydigan o‘quvchilar, talabalargina emas, ayrim teleradio boshlovchilari, suxandon va jurnalistlar ham [ng] burun tovushini alohida [n] va [g] undosh tovushlari kabi qo‘pol urg‘u bilan ((akan-giz, maqsadin-giz, istagin-giz va hokazo tarzda bo‘g‘inlab) noto‘g‘ri talaffuz qilishmoqda. Agar [ng] burun tovushini ifodalovchi alohida Ŋᶇ harfi olinsa, bu muammo o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘lar edi.
Alifbomiz va imlo qoidalarimizni mukammallashtirib, kamchiliklarini to‘g‘rilab olsak, birinchi galda tilimiz taraqqiyotiga yo‘l ochamiz, qolaversa, yoshlarimizning, butun xalqimizning savodxon bo‘lishiga erishamiz.
Mardon BOLTAYeV,
SamDU dotsenti.