Alimentdan bo‘yin tovlaganlar 15 sutkaga ma’muriy qamoq bilan jazolanadi

Unda aliment to‘lovi va aliment to‘lovidan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan belgilanadigan javobgarlik O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Oila kodekslariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan yangi tartibda belgilandi. 
Endilikda ham jinoiy, ham ma’muriy javobgarlik ilgarigidek sudning qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni muddati 3 oy o‘tkazib yuborilgandan keyin emas, balki aliment to‘lashdan to‘liq 2 oy bo‘yin tovlagandan boshlab yuzaga keladi. Aliment to‘lash bo‘yicha qarzlarni bartaraf etish ham ma’muriy, ham jinoiy javobgarlikdan ozod etilishini to‘liq hajmda kafolatlaydi, ya’ni shaxs aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan bo‘lsa, u ham ma’muriy, ham jinoiy javobgarlikdan to‘liq ozod qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 474 va 475-moddalariga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganligi hamda ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganligi uchun ma’muriy jazo chorasi belgilangan bo‘lib, ushbu ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi belgilandi. Bu jazoni ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyalar tayinlaydilar. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslar, ya’ni 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, I va II guruh nogironlariga qamoq o‘rniga EKIHning 20 baravari miqdorida jarima tayinlanadi. Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi. 

Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 99-moddasiga ham o‘zgartish kiritildi. Avval har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam bo‘lmasligi shartligi ko‘rsatilgan bo‘lsa, endilikda har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori eng kam ish haqining 75 foizidan kam bo‘lmasligi shart. Oila kodeksining 135-moddasi qo‘shimcha uchinchi qism bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra, voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun, shu jumladan, ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan oldindan to‘lanishi mumkinligi belgilandi.

Shu o‘rinda bir masalani aytib o‘tish joiz, sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatidagi yoki ijro hujjati bo‘lgan sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli. 

R.BAGIROV,
Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosi

Bulung‘ur tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari.