Alisher Navoiy: “Bilgil o‘z haddingni-yu, behad rioyat qil adab”
![](https://static.zarnews.uz/crop/9/6/720__80_9651b3f0697ef2ae30f08f9a4b032f7b.jpg?img=self&v=1738923480)
Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan navoiyshunos olima, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Dilorom Salohiy bilan suhbatlashdik.
- Dilorom opa, navoiyshunoslikning bugungi ahvoli sizni qoniqtiradimi?
- Savolingizga savol bilan javob bersam: Quyosh nuridan, taftidan kim to‘yibdi?! Suv tarovatidan-chi?! Gul iforidan-chi?! Navoiyning umumbashariy ijodiyoti mazmuni, ilmiy-badiiy tafakkuri mag‘zini chaqib o‘rganish yo‘li juda keng, juda uzun.
Ochig‘i, navoiyshunoslik fanining eng rivojlangan davri XX asr edi. Bu davrda Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hazratlarining asarlari matnlari o‘rganilib, nashr etildi, manbashunoslik tadqiqotlari yaratildi va bu asosda navoiyshunoslikning nazariy masalalari yuzaga chiqib, taniqli olimlarning ilmiy tadqiqotlari dunyo yuzini ko‘rdi. Bu davr olimlari navoiyshunoslik sohasida misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdilar, ulug‘ shoir asarlarida ifoda etilgan ko‘plab masalalarga ilmiy munosabat bildirildi. Ammo davrning hukmron siyosiy mafkurasi tadqiqot maydonini kengroq olishga, ulug‘ shoir ijodi mohiyatini to‘la yoritishga imkon bermas edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu betakror ijodiyot surat, majoz nuqtai nazaridan batafsilroq, ammo siyrat, haqiqat jihatidan imo-ishoralar bilan pardalab o‘rganildi.
Navoiy asarlarining asl mohiyati va ahamiyatini chuqur, barcha tafsilotlari bilan yoritib berish imkoniyati keyingi chorak asrdan ko‘proq vaqt davomida yuzaga keldi. Aynan ana shu davr ilmining samarasi o‘tgan yuz yil davomida qilingan mehnat samarasidan kuchliroq bo‘ldi. Buning sababi hammaga ayon – har satrida Hazratning pok e’tiqodi aks etib turgan ijodiyoti mafkuraviy tushovlarsiz, xolis o‘rganildi. Ikki davr navoiyshunosligi rivoji navoiysevarlar qalbida chuqur iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Navoiyshunoslik fani oldida hali tadqiq etilishi lozim bo‘lgan qator masalalar turibdi. Ulug‘ shoirning qo‘lyozma va toshbosma asarlari manbalari imkon darajasida to‘la yig‘ilmog‘i lozim. Xususan, Samarqandda yaratilgan “Sab’atu abhur” nomli lug‘atining yangi manbalari topilib, nashr ettirilmog‘i kerak. Shoirning masnaviylari, soqiynomalari, forsiy tildagi qasidalari bir-ikki ilmiy ish doirasida qolib ketmay, kengroq tadqiq etilsa, nur ustiga nur bo‘ladi. Hazratning ijtimoiy faoliyati yangi nuqtai nazardan, zamondoshlari bilan munosabatlari, ijodiy maktabi, asarlarining tarjimalari o‘rganilsa, navoiyshunoslik fani yana yangi mazmun-mohiyat, ahamiyat kasb etishi mumkin.
- “Navoiyga yetmoq uchun yana besh yuz yil yurmoq kerak”, degan ekan shoirlarimizdan biri. Shu fikrga qanday qaraysiz?
- Ammo masofani yanada uzoqroq qo‘yish kerak, deb o‘ylayman. Navoiyni anglamoq uchun u e’tibor qaratgan barcha mavzu va masalalarni o‘rganmoq lozim. Masalan, Hazratning “Tarixi muluki Ajam” va “Tarixi anbiyo va hukamo” nomli tarixiy asarlari bor. U tafsilotni Odam alayhissalom yaratilishi tarixidan boshlaydi. O‘quvchida: “Navoiy bu tarixni qaysi asarlarni ko‘rib yozdi ekan?”, degan savol tug‘iladi. Savolning javobini topish uchun esa 500 yillik masofani o‘tish kamlik qiladi.
- Sizningcha, ulug‘ shoir ijodini ommalashtirish uchun nimalarga e’tibor bermoq lozim?
- Navoiy ijodiyotiga hayotimizdagi har bir masala yechimida ehtiyojimiz borligini anglamog‘imiz kerak. Talabni ehtiyoj tug‘diradi. Masalan, hozirgi yosh avlod o‘zini ancha erkin his qiladi, dunyo kezish, xorijga chiqish istagi kuchli. Ammo Hazratning kitoblarini qo‘llariga olsa, ularni ogohlantiradi:
Qushqa yung maskan aro xushroqdurur ozodliq,
Bo‘lg‘onidin band aro sayyod ipak domi bila.
Ya’ni, ovchining ipak to‘rlaridan bo‘lgan qafasida o‘tirgandan ko‘ra, o‘zining tikanlardan bo‘lgan uyasida o‘tirgan qush ozoddir. Yoki:
Zahrni o‘z komi birla ichsa andin yaxshikim,
Ichsa hayvon sharbatin nokomliq jomi bila.
Ixtiyorsiz, birovning qo‘li bilan “hayvon sharbati”, ya’ni abadiy tiriklik suvini ichgandan ko‘ra, o‘z qo‘li bilan og‘u ichgani afzalroqdir.
Sir emas, hozirgi kunda qizlarimiz tarbiyasiga jiddiy e’tibor berishimizga to‘g‘ri kelmoqda. Ba’zan ular hayo chegarasini anglamay, otasiga, akalariga hissiyotlari haqida ochiq gapirganlari quloqqa chalinadi. Shunday sharoitda Hazrat Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida malika Shirin tilidan aytgan so‘zlari shu dardning davosi bo‘ladi:
Manga ne yoru ne oshiq havasdur,
Agar men odam o‘lsam, ushbu basdur.
Ommalashtirish – hayotimiz uchun zarur paytda Hazrat pand-o‘gitlarini, hikmatlarini tilimizdan tushirmaslik, yoshlarimizni ham shunga odat qildirmog‘imiz lozim.
- Akademik Vohid Abdullayevdan so‘ng Hazrat Navoiyning Samarqandda yashagan davrini yana biror olim o‘rgandimi? Bu haqda yangi ma’lumotlar bormi?
- Ustoz Vohid Abdullayevdan so‘ng Navoiyning Samarqandga safari haqida akademik Botirxon Valixo‘jayev o‘tgan asrning 90-yillari boshlarida “Muloqot” jurnalida bir maqola e’lon qilgan edi. Bu maqolada ustoz Samarqandga safar qilgan ikki tolibi ilm – Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haqida so‘zlab, ularning Hirotdan Samarqandga, Samarqanddan Hirotga qadar bo‘lgan karvon yo‘llarida uchrashgan bo‘lishlari mumkinligi haqidagi mulohazalarini bayon etgan. Shuningdek, ustoz Botirxon domla Alisher Navoiyning samarqandlik yirik faqih, tilshunos olim, tibbiyot bilimdoni Xoja Fazlulloh Abullays as-Samarqandiy bilan muloqoti, tahsili, faqih xonadoni, ajdodlari tarixi va avlodining Navoiy hazratlariga nisbatan bo‘lgan ehtiromi haqida batafsil ma’lumot beruvchi maqolalarini yozgan. Ustozi V.Abdullayev bergan ma’lumotlarni to‘ldirar ekan, Botirxon domla Navoiyning samarqandlik buyuk ma’naviy murshid Xoja Ahror Vali bilan uchrashuvi, ota-boladek qaynoq munosabati, uzoq davom etgan muloqotlari haqida ham qiziqarli ma’lumotlarni bergan. Bu mavzuda boshqa yangi ma’lumotlarni bilmayman. Ammo badiiy adabiyotda bir yangi asar yaratildi. Bu Iqbol Mirzoning “Samarqand sayqali” nomli dramasidir. Albatta, bu ilmiy emas, badiiy asar, unda badiiyat talablariga rioya qilingan.
- Ulug‘ shoir ijodi haqida faqat 9 fevral sanasi atrofida gapirilishi g‘alatiroq emasmi?
- “G‘alat” – xato degani. To‘g‘ri aytdingiz, bunday qilish xato, huzurimizda turgan hikmat xazinasidan bebahra bo‘lib yashash – xato, maqollarga, hikmatli so‘zlarga aylanib ketgan pand-o‘gitlarni unutmoq – katta xato. Hozir texnika davri, yangi-yangi yaratilmalar, texnologiyalar davri. Yoshlarimizning qiziqishlari ko‘proq kompyuter, internet kabi zamonaviy axborot vositalari bilan band. She’riyat esa romantizm davri mahsuli. Navoiy shu zamonda, bizning davrimizda yashaganida, shubha yo‘q, asarlarini romantik dostonlar sifatida emas, nasrda, zamonaviy ilmiy uslubda yozgan bo‘lar edi. Ammo bu degani aslo Navoiy o‘z davrida qolib ketdi, degani emas. Barcha davrlar uchun dolzarb bo‘lgan inson muammolarini ko‘tarib chiqdimi – bu ijodiyot umrboqiy, muammolar yechimini ko‘rsatib berdimi – bu ijodiyot umumbashariy! Masala shundaki, biz, katta avlod yoshlarga aqli, ongi, shuuri, qiziqishlari texnika bilan band bo‘lsa-da, jismidagi eng mo‘’jaz qarorgoh – qalbi hech qachon temir kabi qotib, g‘ariblashib qolmasligi lozimligini har daqiqa uqdirmog‘imiz lozim. Ulug‘ Hazrat asarlarini o‘qib bermoq, uqdirmoq bilan qalb-qo‘rlarimiz – farzandlarimizning insoniy qiyofasi, pok fitratiga nuqson yetmasligiga intilmog‘imiz kerak.
- Qarshida Abdulla Oripov maktabi, Farg‘onada Erkin Vohidov maktabi, Andijonda Muhammad Yusuf maktabi, Gulistonda Halima Xudoyberdiyeva maktabi bor. Nega Samarqandda Alisher Navoiy ijod maktabini tashkil qilish mumkin emas? Shu haqdagi fikringiz?
- Tog‘ haqida tog‘ ulug‘vorligi, shukuhiga munosib tarzda so‘zlansa yarashadi, tepa haqida – tepaga munosib! Hozir sizning savollaringizga javob beryapmanu, vujudimda katta mas’uliyat hissidan hayajon, qalbimda qo‘rquv bor. Chunki biz oddiy bir ijodkor haqida emas, butun jahonni so‘zi bilan zabt etgan buyuk shaxs haqida gapiryapmiz! Samarqandda zarqalam ahli boshqa shaharlarga nisbatan ko‘proq o‘tgan. Har birlarining ijod maktabini tashkil etsa yarashadi.
Alisher Navoiyga kelsak, Turkiyada Mavlono Jaloliddin Rumiy ijodini tadqiq etish markazlari, institutlar, Germaniyada Gyote ijodiyotini o‘rganish ilmiy-tekshirish instituti kabi, yana men bilmagan shunday nufuzli ilmiy dargohlar muqobilida Samarqandda Alisher Navoiy ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilsa, maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Chunki bunday ishni amalga oshirish uchun Samarqandda ilmiy muhit, g‘ayratli tadqiqotchilar guruhi mavjud.
- Hazrat Navoiy haqida yana nimalar deya olasiz?
- Hozir ko‘nglimda Hazratning: “Bilgil o‘z haddingni-yu, behad rioyat qil adab”, degan so‘zlarini takrorlab turibman. “Biz bu ulug‘ shaxsni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir!”. Bundan orttirib, nima ham deyish mumkin? Navoiy avliyo bo‘lmasalar, Haq taolo umrlariga, ilmlariga baraka ato etib, shu kunlarga qadar nomlarini sharaflab, rahmat nurlarini yog‘dirib qo‘yarmidi?! Haq taolo bizni aql ne’matidan bahramand etib, buyuk bobokalonimiz ijodiyotini ul zoti oliyning sha’nu shavkatiga munosib tarzda o‘rganishimizni, elga yoyishimizni nasib aylasin!
Yormamat Rustamov suhbatlashdi.