“Allo, do‘xtir, bolam kasal...”
Ochig‘ini aytganda, ushbu maqolani yozishni ko‘pdan beri o‘ylab yurgan bo‘lsam-da, negadir sira qo‘lim bormasdi. Qandaydir andisha yoki istihola meni niyatimdan qaytarib turardi. Ammo vaziyat tobora jiddiy tus olib, holat yomonlashib boravergach, qog‘oz qoralashga majbur bo‘ldim.
Maqola yozilishi ortidan eshitishim mumkin bo‘lgan ba’zi bir ta’na-dashnomlarga qaramay, bugun meni ayni maqolani yozishimga majbur qilgan, meni tanigan yoru do‘stlarga bir oyna tutgim keldi.
Aminmanki, hammangizning ham tanishlaringiz orasida shifokorlik kasbi bilan shug‘ullanadiganlari bor. Ularga sira ishingiz tushishini niyat qilmasangizda, issiq jonning isitmasi bo‘lganidan, ora-sira salomatlik to‘g‘risidagi ba’zi maslahatlarni so‘rash uchun o‘sha tanishlaringizga yoki uchrashasiz, yoki qo‘ng‘iroq qilib maslahat qilasiz. Agar borib shaxsan uchrashsangiz yoki bemoringizni o‘sha tanish shifokor qabuliga olib borsangiz, nur ustiga nur. Ammo ba’zan tanish shifokoringiz sizdan uzoqroq masofada istiqomat qilsa yoki ishlasa, maslahatni telefon qo‘ng‘irog‘i orqali qilishingizga to‘g‘ri keladi. Masalani eng nozik jihati aynan shu telefon qo‘ng‘iroqlari orqali qilinadigan murojaatlarda.
Men avvalo tibbiyot oliygohining pediatriya fakultetida tahsil olganligim bois, birinchi mutaxassisligim pediatrlik. Magistraturada esa yana bolalar yuqumli kasalliklari yo‘nalishida o‘qidim. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida salkam o‘n yil faoliyat yuritdim. Garchi bugungi kunda ultratovush diagnostikasi xonasida ishlayotgan bo‘lsam-da, asosiy mutaxassisligim baribir pediatr, infeksionist bo‘lib qolaveradi. Qolaversa bizning xalqimizda pediatr mediatr degan gap yo‘q. Shifokorni bitta kasbi bor: do‘xtir!
Kimning qayeri og‘rishidan qat’iy nazar, sizni mutaxassisligingizga to‘g‘ri kelsa-kelmasa murojaat qilaverishadi. Men bugungi kunda viloyat markazida, o‘zim tug‘ilib o‘sgan tumanu qishloqdan bir qadam narida yashaganligim sababli, meni tanigan yoki tanishlarimdan raqamimni olgan kishilar o‘zlari yoki yosh bolalarining salomatliklaridagi muammolari to‘g‘risida tez-tez mendan telefon qo‘ng‘irog‘i orqali maslahat so‘rab turishadi. Aynan shu qo‘ng‘iroqlar asosan kunning birinchi yarmida, soat 9-10 lar atrofida bo‘ladi. Agar o‘sha paytda qo‘lim telefonga yetib, qo‘ng‘iroqqa javob bera olsam, xo‘p-xo‘p, agar vaqtida javob berolmasam yoki keyinroq javob bersam, qo‘ng‘iroq qilgan kishining gap ohangi birdan o‘zgaradi.
Shu o‘rinda bir muhim gapni ta’kidlamasam bo‘lmaydi, ya’ni tanish vrachingizga telefon qilsangiz-u u qo‘ng‘irog‘ingizga javob bermasa, bilingki, u buni atay qilmaydi. O‘sha tanish vrachingizni o‘zi ishlayotgan ish joyida belgilangan grafik asosida ish vaqti, mas’uliyati bor. Qabuliga uzoq-yaqindan bemorlar kelib o‘tirgan bo‘ladi. Yoki ikkala qo‘li biror tibbiy diagnostik yoki davolash protsedurasi bilan band bo‘ladi. O‘shanday paytda diqqatini bo‘lib, qo‘ng‘irog‘ingizga javob beraman desa, oldidagi bemorning sog‘lig‘iga ziyon yetkazib qo‘yishi mumkin. Men orqavarotdan eshitib yurganimga ancha bo‘ldi. Emishki, men katta odam bo‘libman, bosar-tusarimni bilmay, qo‘ng‘iroqlarga javob bermas emishman. Bunday holat men kabi boshqa shifokorlarda ham uchraydi. Xudo haqi, ishoning, aslo unday emas. Men hali-hamon o‘sha Siz tanigan odamman. Ammo ishdagi mas’uliyat, ishdagi tig‘izlik mening telefon qo‘ng‘irog‘ingizga vaqtida javob bera olmay qolishimga sabab bo‘lyapti, xolos.
Endi masalaning yanada nozikroq, ikkinchi tomoni ham bor. Yuqorida yozganimday bolalar shifokori bo‘lganligim sababidan, menga telefon orqali murojaat qiluvchilarning aksariyati bolalari yoki jiyanlarini kasalligi tufayli murojaat qilishadi. Murojatlarning deyarli hammasi shu ko‘rinishda bo‘ladi:
— Allo, assalomu alaykum, do‘xtir, yaxshimisiz!
— Assalomu alaykum! Rahmat yaxshi! O‘zingiz yaxshimisiz!
— O‘, do‘xtir, bizdi o‘g‘ilcha qizamiq bo‘libdida, issig‘i tushmayapti, shunga nima dori aytasiz?
Shu paytda men vrach sifatida qizamiq nima ekanligini, uning bolalar uchun xavfli kasallik ekanligini, kasallikning o‘rta og‘ir shakli ham bir qancha asoratlar berishi mumkinligini o‘ylab, keyin bir-bir savol bera boshlayman:
— Necha kundan buyon isitma qiladi, yo‘tali bormi, toshma qachon toshdi, bugun toshmaning nechanchi kuni, ichi suyuq ketmayaptimi, siyishi yaxshimi, uyqusi qanday, ishtahasi qanaqa, qanday dorilar berdinglar, birorta vrach ko‘rdimi?
Bolani to‘rt-besh kundan buyon kasal ekanligini aytib, bergan savollarimga chala-chulpa, noto‘liq javob ortidan quyidagi ovoz keladi:
— Ha, falonchi do‘xtir ko‘rdi (qishloqdagi feldsherni aytadi. Oq xalat kiysa, demak u do‘xtir), bitta ikkita dori aytdi, lekin shu isitmasi tushmayaptida, shunga dorilarini SMS qilib yozib yuboring, iltimos...
Hammasi endi boshlanadi. Demak, men qishloq feldsheri ko‘rib, qizamiq deb tashxis qo‘ygan bolaga, bemorni ko‘rmasdan, dorilarini SMS qilib yuborishim kerak. Hoy baraka topgur, ha u bola! Uy jonivori emas, axir. Bemorni teri qoplamasidagi toshmani, shilliq qavatlarini ko‘rmay, o‘pkasini, yurak urishini eshitmay, pulsini sanamay, yo‘tal xarakterini aniqlamay, qorin sohasini paypaslamay, kasallikni tibbiyot tilida aytilganda vizual ko‘rib, ob’yektiv baholamay turib, biz avliyo emasmizki dorini SMS qilib yozib yuborsak. Biror mantiqqa to‘g‘ri keladimi shu?!
Shundayam o‘zimni qo‘lga olib:
— Bolani ahvoli sal jiddiyga o‘xshayapti, darhol shifoxonaga yotqizish kerak. Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tezda boringlar (tumandagi shifoxonani nazarda tutaman), vrachlarimiz ko‘rsin! Yana maslahatlashamiz, - deyman.
Shunda narigi tomondan biroz norozi ohangda:
— Do‘xtir, bolnitsaga oborishga ozroq sharoit yo‘q edi, falon-fulon sabablar bor. Shuning uchun sizga telefon qildik, shunga dorilarini aytib yuboring...
— Bolani ko‘rmay turib, dori aytish qiyin-da, toshmasini ko‘rish kerak edi, - deyman ming istihola bilan.
— Hozir telegramdan rasmini tashlasam bo‘ladimi, - deydi suhbatdoshim...
Xo‘p, hurmatli o‘quvchilar, siz nima deb o‘ylaysiz? Shunday paytda ko‘z bilan ko‘rilmagan, quloq bilan eshitilmagan bemorga dori aytishga tibbiyot xodimining haqi bormi? Men vrach sifatida siz, azizlarga shuni aniq aytishim mumkinki, sog‘lig‘ingizga soya soladigan birorta alomatni mayda sanamang. Siz arzimas deb qaragan birgina simptom ortidan sal o‘tmay davolanishi qiyin kechadigan og‘ir xastaliklar paydo bo‘lishi mumkin. O‘zingiz yoki yaqinlaringizda biror kasallik alomati sezilsa, darhol vrach qabuliga boring! Shifokor tanishingiz telefon orqali sizga faqat eng zarur va birlamchi maslahatni bera oladi, xolos. Masalan bolamni ichi ketyapti desangiz, infeksionist ko‘rsin, desa, yo‘talyapti desangiz pediatr ko‘rsin, deydi. Bugun g‘oyibdan, telefon orqali bolangizga muolaja yozadigan, siz uchun yaxshi vrachingiz, ertaga Xudo ko‘rsatmasin, ko‘rmay-bilmay yozgan muolajasining ortidan kuzatiladigan biror noxush hodisa tufayli eng yomon odamingizga aylanib qolmasin.
Orifjon Komilov.