Amir Temur arkida arxeologik qazishma ishlari boshlanadi
Joriy yilning fevral oyida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ziyolilar va tarixchi-olimlar bilan uchrashuvda Samarqand tarixini o‘rganish, Amir Temur saroyining joylashish o‘rnini kompleks tadqiq qilish, tarixiy ob’yektlarni ilmiy o‘rganish va restavratsiya qilish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab bergan edi.
Samarqandning tarixi, madaniyati, me’moriy va arxeologik yodgorliklarini o‘rganish maqsadida viloyat hokimligi huzurida ilmiy jamoatchilik kengashi tuzilib, kengash a’zolari bilan hamkorlikda yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, tarixchi-olimlardan iborat bir necha yo‘nalishda ishchi guruhlar tashkil etilib, ularning taklif va tavsiyalari asosida Samarqandning tarixi, madaniyatiga oid bir qator muammolarni hal etish, tadqiqotlar olib borish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Samarqand arxeologiya instituti olimlari tomonidan Ko‘ksaroy maydonida arxeologik qazishma ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, viloyat hokimligi tomonidan 600 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lumki, Amir Temur Samarqandni o‘z saltanatining poytaxti etib e’lon qilgach, shaharda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Xususan, 1371-1372 yillarda shaharning g‘arbiy qismida 34 gektar maydonni o‘z ichiga olgan, to‘rt qavatli Arki oliya bunyod etiladi. Temuriylar davriga oid yozma manbalarda Arki oliya ikki qator mudofaa devori bilan o‘rab olinganligi, bu yerda Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy saroylari qad ko‘targanligi hamda davlat ahamiyatiga ega inshootlar - g‘azna, qurol-yarog‘, harbiy aslahalar ishlab chiqaruvchi ustaxonalar, omborxonalar, kutubxona, devonlar joylashganligi qayd etiladi.
1868 yilda Samarqand Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan so‘ng shahar arkida harbiy garnizon joylashtiriladi. 1868-1875 yillarda esa arkning topografik rejasi olinadi. 1878 yilda rus harbiylari arkda harbiy istehkom qurish uchun dastlab ark mudofaa devorlarini tekislab tashlashgan bo‘lsa, 1880-1981 yillarda arkdagi qolgan inshootlarni buzib yuborishadi. Jumladan, Shayx Nuriddin Basir maqbarasi ham dastlab porox saqlanadigan omborxonaga aylantirilib, keyinchalik to‘liq portlatib yuboriladi.
Ayni vaqtda institutimiz xodimlari tomonidan qazuvga qadar izlanishlar olib borilib, arxiv, ilmiy hisobot, yozma manbalar hamda kartografik ma’lumotlar tahlil qilinmoqda. Xususan, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Miliy arxiv fondida saqlanayotgan 1870 yilga mansub harbiy topograflar tomonidan tuzilgan xarita muhim bo‘lib, Amir Temur arki hududida Ko‘ksaroy va Nuriddin Basir maqbarasining o‘rni ko‘rsatilgan. Xaritani tahlil qilish asosida mutaxassislar tomonidan Ko‘ksaroy va Shayx Nuriddin Basir majmuasining o‘rni taxminan 10-15 metr radiusda lokalizatsiya qilindi. Bu esa yaqinda ark hududida olib borilishi lozim bo‘lgan qazuv ishlari davomida arxeologik tadqiqotlarni yo‘naltirishda muhim hisoblanadi.
Shu bilan bir qatorda, Samarqand shahrining eng qadimgi davrini o‘rganish bo‘yicha izlanishlarni davom ettirish rejalashtirilgan. Ma’lumki, 1970 yilda ko‘hna kentning 2500 yilligi, 2007 yilda esa 2750 yilligi nishonlangan. O‘tgan vaqt davomida arxeologik tadqiqotlarda yangi fanlararo tadqiqot usullari kirib keldi. Ushbu usullardan kelib chiqqan holda, shaharning bioarxeologiyasi, arxeobotanika va arxeozoologiyasini o‘rganish imkoniyati yuzaga kelmoqda. Zero, ushbu yo‘nalishlar shaharning qadimgi davr tarixini yanada chuqurroq o‘rganish va tadqiq etish imkonini beradi.
Bundan tashqari, viloyatdagi arxeologik yodgorliklarning elektron bazasini shakllantirish ham oldimizga asosiy masalalardan biri. Shu bois yangi platforma yaratyapmiz. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqandda mingga yaqin arxeologik ob’yektlar ro‘yxatga olingan. Biroq institutimiz olimlari tomonidan olib borilgan izlanishlar davomida viloyatda 1600 ga yaqin arxeologik ob’yektlarning o‘rni aniqlandi. Yaqinda respublikamizdagi tarixchi-olimlar va arxeologlar ishtirokida mamlakatimizda olib borilgan qazuv ishlariga bag‘ishlangan hisobot sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda yangi elektron platformaning test shaklidagi taqdimotini namoyish qilamiz. Shuningdek, yil davomida viloyat madaniy meros boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatdagi barcha yodgorliklar qayta xatlovdan o‘tkazilib, ob’yektlar haqidagi ma’lumotlar to‘liq tizimga kiritiladi.
Mo‘minxon SAIDOV,
Samarqand arxeologiya instituti direktori, viloyat hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashi raisi.