Amir Temur alloma Sa’duddin Taftazoniyni nega Samarqandga taklif qilgan edi?

Yetuk sharqshunos olim Ubaydulla Uvatov hayot bo‘lganida shu kunlarda 84 yoshga kirardi.

U.Uvatov «Mehnat shuhrati», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari va «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Ko‘p yillar Imom Buxoriy va Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarida direktor bo‘lib faoliyat yuritgan.

Quyida Ubaydulla Uvatovning «Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 10-sonida chop etilgan “Alloma Taftazoniy Samarqandda” maqolasidan parcha o‘qiysiz.

***

Sa’duddin Taftazoniyning aksar faoliyati Samarqandda, Amir Temur saroyida o‘tgan. Hayot falsafasini qarangki, aynan shu olimning Sohibqiron Amir Temur homiyligida Samarqandda salmoqli faoliyat ko‘rsatib, muhim asarlar yaratgani haqida bundan uch oy muqaddam Buyuk Britaniyaning poytaxti Londonda bo‘lib o‘tgan bir suhbatning ham guvohi bo‘lgan edik.

Gap shundaki, xizmat safari yuzasidan shu yil may oyida Buyuk Britaniyada bo‘lganimizda, London universiteti qoshidagi Islom tadqiqotlari markazining direktori, taniqli olim, professor Muhammad Abdulhalim janoblari bilan muloqotda bo‘lgan edim. Asli misrlik bu olim Sharq mamlakatlari tarixi, Islom dini ta’limotlariga doir ko‘plab asarlar yaratgan yirik mutaxassis, ayniqsa, Qur’oni Karimning ingliz tili tarjimoni sifatida ham dunyo ilmiy doiralarida katta nufuzga ega (bu tarjima 2004 yilda Angliyadagi Oksford universiteti tomonidan nashr etilgan).

Shular bilan birga, suhbatimiz chog‘ida professor janoblari Movarounnahr tarixi, yurtimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan ulkan ilmiy-ma’rifiy jarayonlardan ham yaxshi xabardor bo‘lib, shular jumlasidan 2007 yilda Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro islom tashkiloti (AYSESKO) tomonidan mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrining Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinganligi, qadimiy shaharlarimiz Samarqand, Marg‘ilonning yubileylari, o‘rta asrlarda yurtimizdan yetishib chiqib, islomiy ilmlar va madaniyati ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk allomalar va yirik arboblar, xususan, Amir Temur va temuriylar davri tarixi va madaniyati bo‘yicha har tomonlama chuqur ma’lumotga ega ekanligini ham namoyon qildi. Muloqotimiz oxirida Muhammad Abdulhalim janoblari menga esdalik sifatida Amir Temur taklifi bilan poytaxt Samarqandga kelib, samarali faoliyat ko‘rsatgan ulug‘ allomalardan biri Sa’duddin Taftazoniyning aynan Samarqandda 1382 yilda arab tilida yozgan «Sharh al-Maqosid» asarining 1984 yili Qohiradagi al-Azhar universiteti nashriyotida chop etilgan besh jildlik ulkan asarini sovg‘a qilgan edi.

Tarixnavis olim Xondamirning «Habib as-siyar» nomli asarida yozilishicha, Amir Temur hazratlari Sa’duddin Taftazoniyning katta ilmiy salohiyati va yuksak insoniy fazilatlaridan yaxshi xabardor bo‘lganligi uchun 1380 yilda – bu paytda olim Xorazmda faoliyat ko‘rsatar edi – uni o‘z davlatining poytaxti Samarqandga taklif qiladi. Bu taklifni alloma minnatdorlik tuyg‘usi bilan qabul qiladi, lekin Makkaga, haj ibodatini ado etish uchun muborak safarga tayyorgarlik ko‘rayotganligi sababli saltanat sohibidan uzr so‘raydi. Biroq Amir Temurdan takroriy taklif kelgach, u Samarqandga, olampanoh saroyiga tashrif buyuradi. Sohibqiron hazratlari olimni Samarqandga kelishi bilan samimiy qutlab, unga alohida izzat-hurmat, kamoli ehtiromini izhor qiladi. Ular o‘rtalarida ko‘plab maroqli suhbatlar, samimiy muloqotlaru qiziqarli ilmiy-ma’rifiy tarzdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Sohibqiron tomonidan ko‘rsatilgan yuksak iltifot, iliq va samimiy munosabat, yaratilgan mukammal shart-sharoitlardan olimning ilmiy-ijodiy faoliyati yanada rivojlanadi. U Samarqand madrasalarida mudarrislik faoliyatini olib borish bilan birga ko‘plab shogirdlarga ustozlik qiladi, o‘zining bir qator muhim asarlarini ham aynan shu shaharda yaratadi.