Amir Temur va Boyazid Yildirim to‘qnashuvi: Anqara jangi
Islom va turk olamining ikki buyuk sarkardasi, o‘z davrining eng qudratli hukmdorlari Sohibqiron Amir Temur va Boyazid Yildirim (Yashinchaqnar) qo‘shinlari 1402 yilning iyun oyi tongining birida Stella tog‘ yon bag‘rida to‘qnash keldi. Jang Temur tomonidan qamal qilingan Anqara shahri uchun kechdi...
XIV asr so‘nggiga kelib, usmonli turklar sultoni Boyazid Yildirim, Bolqonbo‘yi va Kichik Osiyoning o‘lkan hududlarini o‘ziga bo‘ysundirib, o‘lkan saltanatga egalik qila boshladi.
Boyazid o‘z saltanatini kengaytirayotgan bir vaqtda, O‘rta Osiyoda Amir Temur o‘zining ulkan saltanatiga asos soldi. Ular o‘z zamonining yirik hukmdorlari, qardosh millat va yagona din vakillari edi. Ikki yetakchi o‘rtasida o‘zaro hurmat va do‘stona aloqalar o‘rnatilishiga hech narsa xalaqit qilmasdi. Biroq Yaratganning hukmi boshqacha edi.
Temur Boyazid bilan jang maydonida to‘qnash kelguniga qadar unga bir necha bora xat yozgani va javob olgani ma’lum. Temur har bir xatida usmonlilar sultonini fikr-mulohazali siyosat yuritishga chaqirgan. Ikkala hukmdor ham bir din va qardosh millat vakili ekanliklarini, Boyazid tomonidan o‘z himoyasiga olingan Temur dushmanlarini unga qaytarilishini va ikki qudratli davlatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlar o‘rnatilishi zarurligini ta’kidlagan. Lekin dastlab Temur fikrlariga xayrixoh fikrlar yozib javob yo‘llagan usmonlilar sultoni so‘nggi xatlarida Temurga qarshi qo‘pol va nafsoniyatga teguvchi mazmundagi javoblar yo‘lladi.
Sulton Boyazidni halokatga yetaklovchi eng asosiy xatolaridan biri – bu uning Temur tobesi Qora Yusuf hukmronlik qilayotgan Erzinjon hududiga bostirib kirgani bo‘ldi. Bunday holatdan g‘azablangan Temur Boyazidning yoniga elchi yubordi va undan uzr so‘rashini talab qildi. Ammo kibrli va o‘ziga ishongan Sulton Boyazid qudratli Temurga haqoratli javob qaytardi. Boyazid tahdidli xatlari bilan diplomatik yozishmalarning barcha chegaralarini buzdi.
G‘azab otiga mingan Temur zudlik bilan usmonlilar ustiga yurish boshlashga buyruq berdi. Tez orada Sohibqiron qo‘shini Kichik Osiyo hududlariga bostirib kirdi. Ilk jang 1399 yilda Sivas shahri yonida bo‘lib o‘tdi. Ushbu jangda Boyazidning o‘g‘li Sulaymon Temur qo‘shini bo‘linmalari bilan to‘qnashdi, Sivas zabt etildi.
Boyazid Sivasdan 150 kilometr g‘arbda, otliq qo‘shinlari uchun noqulay bo‘lgan o‘rmonzor va tog‘ yonbag‘rida Temur qo‘shinini kutib turdi. Sohibqiron usmonlilar qo‘shini bilan u yerda jang qilishdan voz kechib, o‘z qo‘shinini Qizil irmoq daryosining o‘ng sohilidan aylanib o‘tib, Boyazid qo‘shinining orqa tomoniga o‘tib oldi va Anqarani orqa tomondan qamal qildi. Usmonlilar ortga qaytishga va o‘zlari uchun noqulay sharoitda jang qilishga majbur bo‘ldi. Anqara uchun bo‘lib o‘tgan jang 1402 yil iyun oyining tongida, Stella tog‘i yonida, Sulton Boyazid qo‘shinining hujumi bilan boshlandi.
Jangda ikki tomondan har birining 200 mingdan ortiq jangchilari ishtirok etdi. Usmonlilar Amir Temur qo‘shinining o‘ng qanotidan hujum qildi va uning orqa tarafiga o‘tib, asosiy kuchlarini zaxira qismlardan ajratib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin bu hujumni Temurning otliq bo‘linmasi qaytara oldi. Shundan so‘ng Temurning o‘ng qanotdagi qo‘shini to‘xtovsiz qarshi hujumga o‘tib, usmonlilarning asosiy kuchlarini zaxira qismlardan ajratib qo‘ydi va uni qurshab oldi. Temurning o‘rta va chap qanot qismlari ham hujumga o‘tib, sulton qo‘shinining ikkala qanotini tor-mor etdi. Boyazidning markazdagi sara, Yanichar askarlari ham yanchib tashlandi. Sulton Boyazidning omon qolgan askar va sarkardalari har tarafga qarab qocha boshladi. Usmonlilarning uch shaxzodasi ham otalarini tashlab qochishni afzal ko‘rdilar.
Boyazidning sodiq sarkardalari sultonga, jang taqdiri hal bo‘lganini va unga qochishni maslahat berdi. Biroq sulton qochishdan bosh tortdi. Dushman qurshovida qolib ketgan Sulton Boyazid yarim tungacha dushman bilan ayovsiz jang olib bordi. Yarim tunda uning oti yiqildi va Temur jangchilari Boyazid Yildirimni asir oldi. Murosasiz va shafqatsiz kechgan jang usmonli turklarning mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Usmonli turklar davlati to‘liq Amir Temur ixtiyoriga o‘tdi. Boyazid qo‘shinining uchdan ikki qismi jang maydonida yo‘q qilindi. Sohibqiron esa qo‘shinining sakkizdan bir qismini yo‘qotdi.
Asirlikka chiday olmagan, mag‘rur Boyazid ko‘p o‘tmay vafot etdi. Amir Temur Boyazid saltanatini uning o‘g‘illari o‘rtasida bo‘lib berib, ortga qaytdi.
Anqara uchun bo‘lib o‘tgan ushbu jang o‘z davrining eng yirik ikki qo‘shini to‘qnashuvi edi. Mazkur jang ikki turkiy qavmning to‘qnashuvi edi. Jang natijasiga ko‘ra, Yevropa mamlakatlari kuchayib borayotgan usmonli turklar tahdididan qutulib qoldi va o‘zlarini o‘nglab olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Boyazid Yildirim mag‘lubiyati usmonlilar tomonidan Konstantinopolning (hozirgi Istambul) zabt etilishini 50 yilga kechiktirdi.
Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.