Anor gektaridan 70-80 tonna hosil beryapti. Toyloqliklar yana qanday loyihalarni amalga oshiryapti?

Agroinspeksiya viloyat boshqarmasi tomonidan qishloq xo‘jaligidagi  yangiliklar bilan tanishish maqsadida Toyloq tumanida press-tur tashkil etildi.

Jurnalist va blogerlar dastlab tumandagi “Xudoyberdiyev Ozod Shodiyevich” fermer xo‘jaligi tomonidan 2017 yilda tashkil etilgan 4 gektar maydondagi anor plantatsiyasi bilan tanishdi. Fermer Orif Xudoyberdiyev Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatidan anorning serhosil va iqlimga mos keladigan navlarini keltirib, sinov tariqasida parvarishlab ko‘rdi. Natija yomon bo‘lmadi, hatto kutilgandan ham ortiq samaradorlikka erishilmoqda. Yerning yumshoqligi tufayli yangi anor ko‘chatlaridan o‘tgan yilning o‘zida ko‘chatlar hosilga kirib gektaridan 7-8 tonna anor mevasi olingan. Ko‘chatlar to‘liq hosilga kirganda esa gektaridan 70-80 tonnagacha hosil olinadi. Mevalar hozirda ichki bozorga sotilayotgan bo‘lsa, xorijda ham anorga talab o‘sib bormoqda. Xo‘jalikda tajriba tarqasida 25 sotix maydonda malina yetishtirish tajribasi ham sinovdan o‘tkazilmoqda.

Tumandagi “Siyob Shavkat Orzu” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida 100 gektar maydondagi intensiv bog‘da to‘liq tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan. Bu suv sarfini kamaytirish bilan birga hosildorlikni ham sezilarli ortishiga olib keladi.

- Tumanimizda 12 ming 61 gektar qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer maydoni bor va uning 2626 gektarida tok, 881 gektar bog‘ va boshqa ekinlar tashkil etadi, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Norpo‘lat Mirzayev. – Tumanning suvga bo‘lgan ehtiyoji 5 ming kub metr soniyani tashkil etadi. Suv tejovchi texnologiyalar 3-4 barobargacha suvni iqtisod qiladi va hosildorlik salmog‘i ortadi. Yil boshidan buyon 240 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan bo‘lsa, yil yakunigacha yana 520 gektar maydonda shunday zamonaviy texnologiyalar asosida bog‘ tashkil etish rejalashtirilgan. Joriy yilda tumanimizda meva-sabzavot, kartoshka, uzumdan 140 ming tonna hosil yetishtirish kutilmoqda. Shundan 25 ming tonnadan ortig‘ini eksport qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, 25 ta chorvachilik, parrandachilik, baliqchilikka ixtisoslashgan xo‘jalik faoliyat yuritmoqda. Birgina chorvachilik xo‘jaliklarida 4100 bosh naslli qoramol, 1,5 million bosh parranda boqilmoqda. Yana tumanimizda kartoshkachilik klasteri tashkil etilib, mahsulotni shu yerning o‘zida qayta ishlash loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Tumandagi “Akmal Toshpo‘latovich” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda. 2016 yilda 5 gektar yerda 4 nafar ishchi bilan ish boshlagan xo‘jalikda bugun mahsulot yetishtirish bilan birga, qayta ishlash tarmoqlari ham rivojlanib bormoqda.

- Hozirda xo‘jaligimiz tasarrufidagi yerlar 90 gektarga va doimiy ishchilarimiz soni 80 nafarga, mavsumiy ishchilarimiz soni 250 nafarga yetdi, - deydi xo‘jalik ish boshqaruvchisi Rajabboy Hayitov. – Xo‘jaligimiz asosan chorvachilikka ixtisoslashgan va hozirda asosan Ukraina, Gollandiya va boshqa davlatlardan keltirilgan 310 bosh naslli qoramol boqilmoqda. Yana xo‘jaligimizda dehqonchilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, issiqxona, ziravorchilik, kartoshkachilik tarmoqlari ham rivojlantirilib, kartoshkachilik klasteri tashkil etildi. Gollandiyadan “Arizona”, “Evolyusion” navlarini keltirdik va ulardan 40-42 tonnagacha hosil olinmoqda. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga urug‘liklar tarqatilmoqda. Yana 1,5 ming tonnalik muzlatkichli omborxona qurdik. Shu paytgacha xo‘jaligimizda tayyorlangan sutni boshqa qayta ishlovchi korxonalarga topshirgan bo‘lsak, joriy yildan zamonaviy uskunalarni keltirib kuniga 800-1000 litrgacha sutni o‘zimizda qayta ishlashni yo‘lga qo‘ydik. Xo‘jaligimiz xorijdan naslli chorva mollarini keltirib, ta’minotchi sifatida aholiga shartnoma asosida tarqatyapmiz, hozirgacha 250 boshdan ortiq naslli chorva mollari yetkazib berildi. Bu albatta aholi daromadini oshirish, bandligini ta’minlash, sut va go‘sht mahsulotlarining mo‘lligiga xizmat qiladi.

O‘.Xudoyberdiyev.