Aqlli qishloq xo‘jaligi. U nima degani?

Bugun Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida “O‘zbekistonda aqlli qishloq xo‘jaligini joriy etishning nazariy va amaliy asoslari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.

- Hozirgi kunda filialimizda 17 ta ta’lim yo‘nalishida talabalar tahsil olmoqda. Shuningdek, beshta ixtisoslik bo‘yicha doktorantura yo‘nalishida ham ta’lim berilmoqda. Bugun ilmiy salohiyatimiz 47.8 foizni tashkil etadi. Faol professor-o‘qituvchilarimiz yetmish nafarni tashkil qiladi. Shulardan 14 nafari tayanch doktorantlar, 6 nafari esa mustaqil tadqiqotchilar hisoblanadi, - dedi konferensiyani ochib bergan filialning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Bobur Eshonqulov.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar va iqtidorli talabalar tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari tinglandi.

- Mening tadqiqot mavzuim “Buxoro viloyati sharoitida artishok navlarining urug‘ mahsuldorligi va fitokimyoviy tahlili” hisoblanadi, - dedi filial o‘qituvchisi Eldor Isomov. – Artishok O‘zbekiston uchun noan’anaviy bo‘lgan, istiqbolli, qimmatbaho dorivor o‘simlik bo‘lib, o‘t, jigar, buyrak, arteoskleroz, stomatit kabi kasalliklarni davolashda keng miqyosda qo‘llanib kelinmoqda. Artishok o‘simligini Buxoro viloyati sharoitida mavsumiy o‘sish, rivojlanish xususiyatlari qiyoslandi hamda urug‘chilik uchun tavsiyalar berildi. 

Konferensiya yig‘ilishi va shu’balarida hududlarni barqaror rivojlantirishda raqamli texnologiyalardan foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qiymat zanjiri va oziq-ovqat xavfsizligi barqarorligini ta’minlash, “Aqlli qishloq xo‘jaligini joriy etishning asosiy jihatlari, suv resurslari, o‘g‘itlardan samarali foydalanish hamda o‘simliklarni himoya qilishda “Sun’iy intellekt (AI)”lardan foydalanish, qishloq xo‘jaligida “BIG DATA” ma’lumotlar bazasini shakllantirish va ulardan foydalanishning iqtisodiy asoslari, qishloq xo‘jaligi hayvonlarini parvarishlashda va mahsulotlarini qayta ishlashda aqlli texnologiyalarni joriy etishga doir ilmiy tadqiqot mavzularida ma’ruzalar o‘qildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishi ikki kun davom etadi.