Aqlli shaharning afzalligi nimada?
“Smart city” – aqlli shahar degani. Uning bunday nomlanishiga sabab ko‘p, ulardan biri – shaharchada innovatsion texnologiyalardan foydalanilishida. Samarqand shahrida 10 mingdan ortiq aholi yashashga mo‘ljallangan “Humo Smart city” aqlli shahar turar joy maskani qurilishida yangi texnologiyalardan foydalanilgan. Hudud videokuzatuv orqali to‘liq qo‘riqlanadi va yagona boshqaruv markazidan boshqariladi.
Bu haqda Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi hamda “Ipoteka-bank” ATIB viloyat filiali hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-turda batafsil ma’lumot berildi.

Dastlab aqlli shaharning qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi.
- 2019 yilning noyabr oyida yuqori qulaylikdagi zamonaviy aqlli shaharcha qurilishini boshladik, - deydi “Humo Smart city” “Nurli kelajak ishonch servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Akbarali Qayumov. - “Humo Smart city”ning qurilishi uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqich joriy yil iyun oyida, ikkinchi bosqich joriy yil dekabr oyida va uchinchi bosqich 2023 yilning to‘rtinchi choragida nihoyasiga yetkaziladi.
Ayni vaqtda mazkur loyihaning birinchi bosqichi bo‘yicha qurilish ishlari davom etmoqda va iyun oyi oxiriga qadar 384 ta xonadonni o‘z ichiga olgan sakkizta 8 qavatli turar joy binosi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.

- Shaharchada aholiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan 25 ta ob’yekt mavjud, - deydi “Humo Smart city” axborot xizmati rahbari Hasan Xo‘jaqulov . - Jumladan, bir kunda 2500 o‘quvchi o‘qiydigan zamonaviy umumta’lim maktabi binosi, 800 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi, mehmonxona, savdo majmuasi, stomatologiya, tibbiy markaz, universal sport o‘yingohi, ochiq va yopiq bolalar maydonchalari, 1000 o‘ringa mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli ayollar markazi, 1760 ta yer osti va 780 ta yer usti jami 2540 dan ortiq avtomobil joylashadigan avtoturargohlar o‘rin olgan.
Shaharcha hududida 1100 metr uzunlikdagi eni 2 metr 70 santimetrni, balandligi 2 metr 10 santimetrni tashkil qiluvchi tunnel qurilib, barcha muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tunnel orqali o‘tadi. Bu esa shaharchadagi ko‘cha va xiyobonlarning noo‘rin buzilishining oldini olib, kommunikatsiya tarmoqlaridagi nosozliklarni bartaraf etishni ta’minlaydi.
2021 yil va joriy yilning o‘tgan davrida mazkur majmua qurilishiga “Ipoteka-bank” ATIB viloyat filiali tomonidan 74 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan. Mazkur kredit hisobiga 1170 xonadondan iborat 24 ta ko‘p qavatli uy, xususan, 162 ta bir xonali, 570 ta ikki xonali, 357 ta uch xonali 81 ta to‘rt xonali uylar qurilgan.

2021 yilda qurib bitkazilgan 31 ta uydan, 12 tasi subsidiya asosida, 19 tasi tijorat krediti evaziga fuqarolarga sotilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida 54 ta uy qurib bitkazilgan va 42 tasi subsidiya, 12 tasi esa tijorat krediti evaziga fuqarolarga taqdim etilgan. Shu yil yakuniga qadar yana 515 ta xonadon sotilishi rejalashtirilgan.


Fazliddin Ro‘ziboyev.