AQShning radiatsiyani aniqlovchi uskunalari endi Samarqand xalqaro aeroporti bojxona postlarida ham ishlaydi

Avval xabar berganimizdek, Samarqandda “Yadroviy kontrabandaga qarshi kurashish” mavzusida “S5+1” formatidagi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Anjuman doirasida Samarqand xalqaro aeroporti chegara bojxona posti uchun taqdim qilingan radiatsiyani aniqlovchi uskunalarning rasmiy topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston AQSh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari radiatsiya xavfsizligiga aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

- AQShning energetika vazirligi va O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi 2006 yildan buyon hamkorlik qilib keladi, - deydi AQSh energetika vaziri o‘rinbosari yordamchisi Kristine Bent. - Ikkala tashkilot o‘rtasida 2017 yilda memorandum ham imzolangan. Shu bois birinchi marta O‘zbekistonda Samarqand xalqaro aeroportini AQSh hududidan tashqarida hech qaysi mamlakatda o‘rnatilmagan, sun’iy intellektda ishlaydigan radiatsiyaviy moddalarni  aniqlovchi uskunalar bilan ta’minladik. Ushbu qurilmaning afzalligi shundaki, inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan, ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan radiatsiyaviy moddalarni masofadan monitoring qilsa bo‘ladi. O‘ylaymizki, kelajakda bu kabi uskunalar O‘zbekistonning boshqa postlari va aeropotlarida ham o‘rnatilib, chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlashga yordam beradi.

Konferensiya 13 oktyabrga qadar davom etadi va ishtirokchilar mintaqaviy savdoni yaxshilash, transport va energetika aloqalarini mustahkamlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, ekologik muammolar va ekstremizmga qarshi kurashish hamda gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalarida tajriba almashadi.