Archalar nega sarg‘ayib ketyapti?
Bugungi kunda manzarali daraxtlar, xususan, archalarning barglarida sarg‘ayish holatlarini ko‘ryapmiz. Xo‘sh, bunga sabab nima?
Archaning ildizidagi, o‘sib rivojlanishidagi o‘zgarishlar sabab, ya’ni ozuqa yetishmasa, zararkunanda hasharotlar – archa unsimon qurti yoki o‘rgimchak kanalar yemirsa, qishda sovuq, yozda issiq oqibatida sarg‘ayib ketadi. Buning xavfli tomoni yo‘q, ularga ildizidan va bargidan oziqlantiruvchi ozuqalar berish kerak.
Archa ozuqa yetishmasligi yoki zararkunandalarning ta’siridan "stress"ga tushadi. Uning ildiziga va bargiga yetarli oziqlantiruvchi moddalar bersak, qishdan chiqishi bilan tezda o‘zini tiklab oladi. Sarg‘aygan barglarni davolash uchun azot, fosfor, kaliy bilan mikroelementlarni birga qo‘llasak, ya’ni ularni archa daraxti barglariga sepsak, yashil barglar tez tiklanadi. Ularni martning birinchi va ikkinchi o‘n kunligida oziqlantirish kerak.
Zararkunandalar archa daraxtining tanasida qishlaydi. Ularni qishlovdan chiqmasdan yo‘qotadigan dori vositalari bor, dastlab o‘shalar yordamida zararkunandalar yo‘qotiladi. So‘ngra dorini qishlovdan chiqishi bilan, vegetatsiya - o‘sish jarayonida qo‘llash lozim.
Archani 100 foiz sovuq urmaydi, chunki ular tog‘larda o‘sadi, sovuqqa chidamli daraxt. O‘tgan yili “Yashil makon” dasturi bo‘yicha ekilgan ko‘chatlarimizda sarg‘ayish bor. Ularga sovuq biroz ta’sir qilgan. Sababi, ildizi yaxshi joylashmagan yoki o‘tgan yili yaxshi oziqlantirilmagan. Archani issiq kunlarda suvsiz qoldirmaslik ham kerak.
Manzarali daraxtlarni ko‘cha chetlarida ekib parvarishlayotganda, ularni birinchi navbatda sug‘orishimiz, so‘ngra vaqtida oziqlantirib turishimiz lozim. Aks holda qishning sovug‘i yoki yozning jaziramasiga bardosh berolmaydi. Zararli ta’sirlardan himoya qilib, qo‘shimcha oziqlantirishni yo‘lga qo‘ysak, daraxtlar sarg‘aymaydi.
Ularni sug‘orishda ildiz bo‘g‘ziga suv to‘planmaydigan qilib, kattaligiga qarab, 30-35 gradiusda aylantirilib ariqcha kovlanadi va sug‘oriladi. Archalarning tagiga suv to‘planib qolsa ham bo‘lmaydi, ildizi chirib, kasallanadi.
O‘tgan yili TATU Samarqand filiali va Samarqand davlat chet tillar instituti bilan xo‘jalik shartnomalari tuzib, ushbu oliy ta’lim muassasalariga tegishli manzarali daraxtlarni zararkunandalardan himoya qiladigan vositalarni qo‘llab, bargidan oziqlantirib berdik va daraxtlarni kasallikdan asrab qoldik. Bu yil ham tashkilot va korxonalarga yordam berishga tayyormiz.
Otamurod PO‘LATOV,
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali katta o‘qituvchisi.