Arktikada omon qolgan ayol yoki Orolda yolg‘iz
Uni Robinzon ayol deyishardi, rasmga tushirish niyatida kameralar bilan poylashardi, intervyu olish niyatida navbatda turishardi, lekin Adaga shon-shuhrat kerak emas edi, u iloji boricha o‘g‘li Bennet bilan tezroq uchrashishni istardi.
Ada Blekjek Jonson – Vrangel orolidagi ekpeditsiyada bir o‘zi qolib, omon qolishga qodir bo‘lgan ayol. Ekspeditsiya a’zolari ushbu joyni o‘zlashtirish va u yerda shahar barpo qilishni maqsad qilgan edi, ammo barcha harakatlar behuda ketdi.
Taqdiri suymagan qiz
Dastlab Adaning hayoti fojiali voqealar bilan to‘la edi. Uning uch farzandi bo‘lardi, ikki farzandi go‘dakligida sil kasalligidan vafot etdi. Ko‘p o‘tmay turmush o‘rtog‘i ham shu kasallik tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Ada o‘g‘li bilan yolg‘iz qoldi.
Yetishmovchilik tufayli u bolasini bolalar uyiga topshirdi, o‘zi esa ish izlay boshladi. Ekspeditsiyaga boruvchilar unga Arktikaga borishni, u yerda oshpaz va kir yuvuvchi sifatida ishlashni taklif qilishdi. Bolasini davolash uchun pul kerakligi sababli qiz rozi bo‘ldi.
Ekspeditsiya
Ekspeditsiya tashabbuskori kanadalik tadqiqotchi Vilyamur Stefansson boshchiligidagi olimlar Vrangel oroliga bo‘lgan huquqlarini yaponlar egallab olishidan oldin imkon qadar tez tasdiqlashlari va Arktikada yashash mumkinligini isbotlashni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan edi.
1921 yilning sentyabr oyida ular o‘zlari bilan qurollar va olti oylik oziq-ovqat zaxiralari olib orolga kelishdi. Ular tez orada boshqa kema yordamga kelishi va ko‘proq oziq-ovqat va kerakli buyumlarni olib kelishiga amin edi. Har holda Stefansson shunday bo‘lishiga ishonardi.
Ekspeditsiya besh a’zodan iborat bo‘lib, Ada uy sharoitlarini jihozlab, ovqat tayyorlashi kerak edi. Dastlab hammasi joyida edi, olimlar faol ravishda ayiqlar, tyulenlar va qushlarni ovlar edi.
Oziq-ovqat zaxiralari bo‘lgan kema ob-havo sharoiti tufayli kela olmadi. Asta-sekin ekspeditsiya a’zolarining g‘amlab qo‘yganlari tugab, ular ochlikdan aziyat cheka boshladi.
Ishtirokchilarning uchtasi yordamni kutib o‘tirmasdan dengiz muzi bo‘ylab materik tomon yo‘l olishdi. Shundan so‘ng ularni hech kim ko‘rmagan. Yana bir ekspeditsiya a’zosi kasal bo‘lib qoldi. Ada unga qaradi, keyinchalik u vafot etdi. Qiz orolda yolg‘iz qoldi.
Orolda yolg‘iz
Ada tulkilar, qushlar, tyulenlarni ovlay boshladi. U muntazam ravishda kitob o‘qirdi va hozirgi kungacha Darmut kolleji kutubxonasida saqlanib kelayotgan kundaligini tutdi. Olti oy davomida qiz Arktikada butunlay yolg‘iz yashadi. Yolg‘izligini Vik ismli mushuk bilan baham ko‘rardi.
***
1923 yilda kema holdan toygan ayol topilgan orolga borishga muvaffaq bo‘ldi. “Bu yerda mendan boshqa hech kim yo‘q”, dedi Ada qutqaruv rahbari Harold Noysga. Endi u uzoq vaqt davomida sog‘lig‘ini tiklashi kerak edi. Ekspeditsiya uchun olgan maoshi va oroldan olib kelingan terilarni sotish bolasini davolash uchun yetarli edi. Bola davolandi, keyinchalik Ada turmushga chiqdi, yana farzand ko‘rdi va ko‘p yillar baxtli hayot kechirdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.