Arzonlashtirilgan yarmarka, sport musobaqalari, mushoiralar... “Samarqand shahri kuni” bayramida qanday tadbirlar o‘tkaziladi?
1996 yil 18 oktyabr. Samarqandda Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ushbu kunni – Samarqand shahri kuni sifatida nishonlash taklif etilgan edi. O‘sha kuni shaharga Amir Temur ordeni topshirildi. Mana 28 yildirki, bu sana keng nishonlanib kelinmoqda.
Bu yilham ushbu sanada shaharda bir qator madaniy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan va bayram tadbirlari o‘tkaziladi.
Jumladan, bayram kuni erta tongdan Amir Temur haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Asosiy bayram tadbirlar “Alisher Navoiy” nomidagi markaziy istirohat bog‘i va shu nom bilan ataluvchi ko‘chada o‘tkaziladi. Bayram munosabati bilan mazkur bog‘dan turli xil ko‘rgazma va sahna dasturlari, mushoira va sport musobaqalari o‘rin oladi.
Sana munosabati bilan Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haykali oldida “Samarqand-Sharq gavhari” mavzusi doirasida mushoira bo‘ladi.
Kamol Otaturk ko‘chasida tayyor va arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyoj mollari yarmarkasi tashkil etiladi.
Shu bilan birga, 18 oktyabr kuni «Mo‘’jiza» amfiteatrida soat 11:00 dan madaniy konsert dasturlari bo‘lib o‘tadi.
Qorasuv massividagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida ko‘plab el suygan san’atkorlar ishtirokida galakonsert namoyish etilib, yakunida ajoyib MUShAKBOZLIK bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, bugundan boshlab viloyat musiqali drama teatri va Sharq Yulduzi kinoteatrida “Yalangto‘sh Bahodir” spektakli va filmi ikki vaqt (soat 15:00 va 18:00 )da bepul namoyish etiladi.
Aytish o‘rinliki, bayram kuni Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va muzeylarga mahalliy tashrif buyuruvchilar uchun kirish bepul bo‘ladi.
Bayram munosabati bilan “Tabiat sahovati” arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu yarmarka 18 oktyabr kunidan 20 oktyabr kuniga qadar «Marmar» dehqon bozori va Qorasuv massivida ish boshlaydi.
Sana munosabati bilan shu kuni bir qator mahalla, korxona va tashkilotlarning yangi binolari va savdo do‘konlari foydalanishga topshiriladi, deya xabar bermoqda shahar hokimligi.