Asad – dehqon uchun mas’uliyatli palla

Asad – ekiningni yasat, deyishgani rost. Chunki, saraton va sunbula orasidagi asad oyida g‘o‘za shonasi gulga, gul ko‘sakka, ko‘sak esa to‘lishib, lo‘ppi paxtaga aylanadi. Shu bois avgust dehqon uchun hal qiluvchi palla sanaladi.

Shuning uchun fermerlar 27 iyuldan boshlangan “G‘o‘zani parvarishlash dolzarb 30 kunligi” tadbiri doirasida asad oyida bajariladigan agrotexnik yumushlar bilan mashg‘ul bo‘lmoqda. Ushbu tadbirni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida Samarqand viloyati paxtachilik kengashi ishchi guruh a’zolari - olim va mutaxassislar Narpay tumanidagi agroklasterlar, fermer va dehqon xo‘jaliklarida bo‘lib, ayni kunlarda g‘o‘za maydonlarida uchraydigan xavfli zararkunandalar (ko‘sak qurti, o‘rgamchakkana, qandala va boshqalar)ga qarshi biologik va kimyoviy kurash tadbirlarini nazorat qilmoqda. Fermer xo‘jaliklariga innovatsion yondashuv asosida ish olib borishning afzalliklari haqida zarur tavsiyalar va ko‘rsatmalar bermoqda.

Ta’kidlash lozimki, bu yil Narpay tumanida 242 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 10 ming 762 gektar maydonda g‘o‘za yetishtirilmoqda. Bugun dalalarda ish o‘tgan oylardagidan ko‘ra mas’uliyatli. Chunki g‘o‘zalar avval kun sanagan bo‘lsa, endi soat sanaydi. Har bir novdadagi ko‘saklar 4-5 taga ko‘payadi. Bu har gektardan qo‘shimcha 10-12 sentner qo‘shimcha hosil olish imkonini beradi. Buni to‘g‘ri anglagan paxtakorlar bugun o‘z o‘rnini dalada deb bilmoqda. Ammo ularga zarur tavsiyalar berish olim-mutaxassislarning vazifasi.

Shu jihatdan ishchi guruh a’zolari g‘o‘za maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarni bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganmoqda. O‘rganishlar natijalariga ko‘ra, “Yangihayot texxizmatlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 1-son biolaboratoriya g‘o‘za zararkunandalariga qarshi biologik vositalar zamon talablariga javob bermasligi, bunda mazkur biolaboratoriyani zamonaviy uslubda qaytadan qurish hamda innovatsion texnologiyalar bilan jihozlash, laboratoriya xodimlarini malakasini oshirish maqsadida o‘quv kurslari tashkil etish lozimligi aniqlandi.

Bu kamchiliklarni inobatga olgan holda klaster korxonasi - "Maroqand sifat" MChJ rahbariyati bilan yil yakuniga qadar biolaboratoriyani zamonaviy asbob-uskunalar bilan qayta jihozlashga, shuningdek MChJ qoshida yangi, zamon talablariga javob beradigan biolaboratoriya tashkil etishga kelishib olindi.

O‘rganishlar davomida ishchi guruh a’zolari klaster korxonasi mutaxassislarining o‘rgimchakkana bilan zararlangan 3762 gektar g‘o‘za maydonini, qandala bilan zararlangan 4364 gektar maydonni zarur preparatlar bilan ishlov berilishini kuzatib bordi. Zararkunandalarga qarshi kimyoviy preparatlar qo‘llanilgandan so‘ng esa gektariga 1000-2000 donadan oltinko‘z, 1000-1500 donadan brakon entomofaglari tarqatildi.

Bu kabi yumushlar tumandagi “Nafisgul Orzu”, “Samandar Rahmon”, “Zafarjon Husanov”, “Narpay Ravshanbek dalalari” kabi fermer xo‘jaliklarida sifatli tashkil etildi.

Paxtadan mo‘l hosil olishda urug‘lik chigit sifati asosiy omil sanaladi. Sifatli urug‘lik esa bugundan yaratiladi. Shuning uchun tumandagi mavjud 39 ta urug‘chilik fermer xo‘jaliklarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. Natijada urug‘lik maydonlarda bir necha kamchiliklar aniqlandi. Ularni bartaraf etish maqsadida tuman ishchi guruhi a’zolari fermer xo‘jaliklari ishtirokida o‘quv-trening tashkil etdi va sifatli urug‘lik chigit tayyorlash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.