Asalarichilar bu yil may oyida nega asal olmadi?
Tabiiyki, eng shifobaxsh xushbo‘y asal bahor mavsumida turli giyohlar gulidan olingani bo‘ladi. Afsuski, tabiat bu yil bunga imkon bermadi.
Bahor asalarichilar uchun noqulay keldi. Asalarilarni nektar yig‘ishiga mavsumning seryog‘in kelishi yetarli imkon bermadi. Ko‘pchilikka ma’lumki, asallarilar yog‘ingarchilik sharoitida uchmaydi, ya’ni ishlamaydi. Ikkinchidan, yomg‘ir ko‘p bo‘lishi dov-daraxtlarning gullashi va changlanishiga to‘sqinlik qiladi. Hatto tog‘oldi qir-adirlarda asalari asal to‘plashi uchun eng sershira hisoblangan oqquvraylar gulida ham nektar bo‘lmadi. Bu yil «may asali» bo‘lmaganligini qisqacha ana shu tabiiy sharoit bilan izohlash mumkin. Endi nasib bo‘lsa, bu yo‘qotish avgust oyida olinadigan asal bilan qoplanadi.
Aslida tabiiy sharoit qulay kelgan yillarda asalari bir yilda 4-5 marta asal berishi, bitta oila 20 kilogrammgacha asal yig‘ishi mumkin. Yoshim 74 da. Asli kasbim shifokor, terapevt bo‘lib ishlaganman. Pensiyaga chiqqach, bekorchilikda zerikib qolmaslik uchun 3 quti asalari xarid qilib ish boshladim. Bu inson uchun har tomonlama foydali. Ko‘proq ochiq havoda bo‘lasiz, bo‘sh vaqtingiz bo‘lmaydi. Albatta, asalari boqish o‘ta nozik va sermashaqqat ish. Ayrimlar o‘ylaganidek uch-to‘rt quti asalarini hovliga keltirib qo‘ygan bilan asal bermaydi. Uni qishin-yozin parvarish qilish kerak. Xarajati juda katta. Asal narxining 45-50 ming so‘m ekani ham shundan. Misol uchun hozirda 64 ta asalari oilasi boqyapmiz. O‘g‘lim Bahrom yordam beryapti. Erta bahorda ularni maxsus pritsepda qo‘shni Qo‘shrabot tumaniga tutash qir-adirlarga olib chiqamiz. Keyin bahorda gullaydigan dov-daraxtlar davri tugagandan keyin paxta yoki boshqa gullaydigan madaniy ekinzorlarga, yantoq gullagach, dashtlarga ko‘chirib o‘tamiz. Xullas, bularning hammasi texnik-transport, mehnat xarajatlarini talab qiladi. Yil oxiriga kelib 1,5 tonna yoki ko‘proq mahsulot olib, Ishtixon bozorida maxsus do‘konchamiz orqali sotamiz, 45-50 million so‘m pul bo‘ladi. Uning kattagina qismi yuqorida aytganimizdek parvarishlash xarajatlariga ketadi. Bundan tashqari, qishki mavsumda asalarini shakar bilan boqishga to‘g‘ri keladi. Har bir oila asalariga o‘rtacha 10 kilogramm shakar beriladi va kattagina xarajatni talab qiladi.
Asalari o‘ta aqlli va pokiza jonivor. Ishchi asalari o‘zining qisqa bir necha oylik umri davomida mashaqqat bilan turli shifobaxsh gullar nektarini so‘rib, asalga aylantirib beradi. O‘zbekiston sharoitida ayniqsa, tog‘ va tog‘oldi o‘rmon hududlarida bunday imkoniyat katta, yil davomida 5-6 marta ana shunday zonalarda ko‘chirib boqilgan asalari, bir joyda boqiladigan asalaridan 2-3 baravar ko‘p mahsulot beradi. Lekin tekislikda qishloq xo‘jalik ekinlari kasalliklariga qarshi kimyoviy dori sepilishi asalarichilikning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Lekin nolimaymiz. Daromad ro‘zg‘or kam-ko‘stiga, orzu-havaslarimizga yetadi. Eng muhimi, xalqimizga shifobaxsh tansiq ne’mat yetkazib beryapmiz.
Abdurahim OChILOV,
Ishtixon tumani Rovot qishlog‘i.