Shaharlik asalarichi ham tabiiy toza asal tayyorlamoqda, ham asalari zotini yangilamoqda

Ayni kunlarda uyda bo‘lgan har bir yurtdoshimizdan omilkorlik bilan ish yuritish, tomorqadan samarali foydalanish, hunarmandchilik yoki boshqa foydali mashg‘ulot bilan shug‘ullanish talab etiladi. Qishloqda yashovchilar uchun bu borada yumush ko‘p, lekin shaharliklarning hammasi ham uyida bunday ishlar bilan mashg‘ul bo‘lolmasligi mumkin.

Samarqand shahar Afrosiyob mahallasida yashovchi yosh asalarichi Abdulla Habibullayev esa shaharda bo‘lsa ham bugun ishsiz, bekorchi bo‘lib qolmadi.

– Ota-bobom asalarichilik bilan shug‘ullangan, – deydi Abdulla. – Asalarichilikning barcha sir-sinoatlarini bobomdan, momomdan o‘rgandim. Bu nafaqat inson salomatligi, balki tabiat, qishloq xo‘jaligi uchun ham juda foydali ekanligini angladim. 2012 yilda “Exclusive Golden Honey” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilib, tadbirkor sifatida asalarichilik bilan shug‘ullana boshladim. 120 quti asalari boqyapman. Mahsulotni butun mamlakatimiz bo‘ylab xaridorlarga yetkazyapmiz.

Yosh asalarichi nafaqat asal yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda, balki yurtimizda mazkur sohani rivojlantirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib bormoqda. Jumladan, yangi asalari zotlarini ko‘paytirish harakatida.

– O‘tgan yilda Germaniyadan Bacfast asalari zotidan 2 dona olib kelgandim, – deydi A. Habibullayev. – Bu asalari kasallikka chidamli bo‘lib, rivojlanishi, changlatish va asal yig‘ishdagi samaradorligi bilan mahalliy asalarilardan uch-to‘rt barobar ustun turadi. Ikki yil ichida 120 qutidagi barcha asalarini shu zotga almashtirishni rejalashtirganman. Bundan tashqari, hozirda Jomboy tumani hududida 12 gektar maydonda zamonaviy intensiv bog‘ va u yerda intensiv asalarilarni ko‘paytirish (nukleus) parkini tashkil qilish bo‘yicha ishlayapman. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 3,5 milliard so‘mni tashqil qiladi. Unda zamonaviy laboratoriya tashkil qilib, asalarini sun’iy ko‘paytirish yo‘lga qo‘yiladi. Buni 2019 yilda Turkiyada bo‘lib, mahalliy asalarichilardan o‘rganib kelganman. Bu usul asalarichilik rivojida juda katta samara beradi.

Abdulla viloyat asalarichilik uyushmasi bilan hamkorlikda Samarqand shahridagi tarixiy obidalar joylashgan hududda asal va asalari mahsulotlarini sotish savdo markazini tashkil qilishda ham tashabbuskorlardan hisoblanadi. 2019 yilgi mavsum davomida 1,5 tonna asal tayyorlagan Abdulla Habibullayev joriy yilda bu ko‘rsatkichni 2 tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Asalning inson salomatligiga koni foydaligi haqida ko‘p eshitganmiz, ammo asalari suti, gul changi, propolisning foydalari haqida yetarli ma’lumotga ega emasmiz. Abdullaning aytishicha, asalari suti (apilak) kam qonlik, stenokardiya, quvvatsizlik, immunitetni mustahkamlashda kimyoviy preparatlardan ancha ustun ekan.

- Eng muhimi, tabiiy toza mahsulot inson organizmiga zarar yetkazmaydi, - deydi yosh asalarichi.

Alisher Isroilov.