Askar maktubi: Ishonchingizni oqlayman
Assalomu alaykum, yo‘llarimga intizor otajon, onajon!
Meni xizmatga kuzatganingizda “O‘g‘lim, Vatanni sev, ardoqla, xalqimizning tinchligi, osoyishtaligini ko‘z qorachig‘ingdek asra, biz senga ishonamiz”, deb aytgan o‘gitlaringiz qulog‘imda jaranglab turibdi.
Harbiy xizmat men uchun katta maktab bo‘ldi. Talabchan komandirlarim mustaqil fikrga ega bo‘lish, qiyinchiliklarni sabr-bardosh, aql-idrok bilan yengib o‘tishga o‘rgatmoqda. Bunda harbiylar oilasida ulg‘ayganim katta yordam beryapti.
Otajon! Esingizdami o‘n yoshimda ona shahrim – Andijonda siz bilan dala-o‘quv maydoniga borganimiz? O‘shanda harbiy texnikalarni, askarlarning mashg‘ulotlarini ko‘rib, ularga havas qilgandim. Bugun esa o‘sha havasim, orzularim ro‘yobga chiqdi.
Yaqinda siyosiy va jangovar tayyorgarlikda o‘rnak ko‘rsatganim uchun komandirlardan tashakkurnoma oldim. Tashakkurnoma, qolaversa, “Seni o‘stirgan ota-onangga rahmat!”, deyishganida chin qalbdan quvondim.
Otajon, onajon! Kursant akamni, meni va ukamni hech kimdan kam qilmay o‘stirganingiz, to‘g‘ri tarbiya berganingiz uchun Sizlardan bir umr qarzdormiz. Yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni bilan ham avvalo, Sizlarni tabriklayman.
Agar rozi bo‘lib, oq fotiha bersangiz ota kasbini tanlab, shartnoma asosida harbiy xizmatni davom ettirish niyatidaman. Sizlarning duolaringiz zimmamdagi burchimni sharaf bilan ado etish, ishonchingizni oqlashda madad bo‘ladi.
Sizlarni sog‘ingan askar o‘g‘lingiz Ahrorbek ABDUHAMIDOV, Samarqand shahri.