Askarning bir kuni
– Armiya yigit kishining mard va jasur bo‘lib shakllanishida shijoat va matonat maktabi ekan, – deydi Namangan viloyatidan kelgan oddiy askar Shahboz Homidov. – Buni yaqinlarimdan uzoqda yashab, ular mehrini his etganimda tushundim. Egnimizga harbiy libos kiydikmi, demak, biz ota-ona va davlatimiz ishonchini oqladik. Bir yillik harbiy xizmatim davomida bu kasbga mehrim oshdi, shu bois shartnoma asosida xizmatimni davom ettirmoqchiman.
Vatan oldidagi burchini sharaf bilan ado etayotgan askarlarning aytishicha, harbiy xizmatchilar kunni "Askar, uyg‘on!" so‘zi bilan boshlaydi. Tonggi jismoniy mashqdan so‘ng xona va yotoq tartibga keltiriladi. Ertalabki ko‘rik o‘tkaziladi, unda askarlarning harbiy libosi, shaxsiy gigiyenasi va salomatligi tekshiriladi. Nonushtadan keyin qisqacha saf ko‘rigi mashqlari bo‘ladi, jangovar holatni oshirish maqsadida qo‘shiq aytiladi. Maxsus belgilangan xonalarda amaliy-nazariy mashg‘ulotlar davom ettiriladi. Tushlikdan keyin ommaviy sportga jalb qilinadi. Madaniy hordiq vaqtida badiiy kechalar, konsert dasturlari va qiziqarli musobaqalar uyushtiriladi. Kechki ovqatdan so‘ng askarlar, har bir qavatda televizor orqali mamlakatimizda va jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalar, yangiliklardan xabardor bo‘ladi. Ular kechki sayrdan bahra olgach, yo‘qlama o‘tkazilib, tungi uyquga yotiladi.
– Xizmatim davomida bu yerdagi tartib-intizom orqali vaqt qadriga yetishni o‘rgandim, – deydi farg‘onalik oddiy askar Xushnud Azimov. – Shu sababdan men ham xizmatimni davom ettirmoqchiman.
Harbiy qismda bir yillik harbiy xizmatchilar qatori Navoiy viloyati yoshlari va samarqandlik safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatchilar ham xizmat burchini ado etmoqda. Ular uchun kunlik reja asosida mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
– Bolaligimdan harbiy libos kiyishni orzu qilardim, – deydi Payariq tumani Xo‘ja Ismoil mahallasidan kelgan Shohruh Burxonov. – Bugun ana shu maqsadim ro‘yobga chiqqanidan xursandman. Chunki Vatan himoyachisi, degan yuksak sharafga muyassar bo‘lish er yigitning muqaddas burchidir.
– Milliy armiyamiz safida yigitlik burchini o‘tash menga ham nasib etganidan behad shodman, – deydi Navoiy viloyati Navbahor tumanidan kelgan Sunnatullo Husanov. – Qisqa muddatdagi xizmatim davomida Samarqanddan do‘stlar orttirdim. Albatta, bu yerda olgan bilim va ko‘nikmalarimiz ishimizda asqotadi.
Xalqaro tashkilotlar tomonidan chop etilayotgan hisobotlarda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari eng yaxshi armiyalar qatorida e’tirof etiladi. Xususan, Global Firepower ekspertlari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra O‘zbekiston armiyasi dunyoning eng kuchli 50 armiyasi ro‘yxatiga kiritilgan va bu bilan Markaziy Osiyodagi eng qudratli harbiy derjava nomiga sazovor bo‘lgan.
Husan ELTOYeV.