Asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining zaxira hajmlari belgilandi
Hukumat tomonidan “2019-2020 yilgi qish-bahor mavsumida respublika aholisini va ijtimoiy soha muassasalarini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qaror bilan 2019-2020 yilgi qish-bahor mavsumiga asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arishning prognoz hajmlari tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 4 asosiy turdagi (kartoshka, piyoz, sabzi, guruch) qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining respublika bo‘yicha jami zaxira hajmi 414 399 tonna etib belgilandi.
Shuningdek, ushbu mahsulotlarni zaxiraga g‘amlash uchun mahsulot ishlab chiqaruvchilar, tayyorlov tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalari o‘rtasida istisno tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishuv shartnomalari tuziladi.
Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 yanvarga qadar zaxiraga qo‘yilgan mahsulotni ichki iste’mol bozoriga yetkazib berish va savdo shoxobchalarini joylashtirish jadvallari ishlab chiqiladi.
Bunda, mahsulotlar respublikaning barcha mintaqalari, shu jumladan, tog‘li va borish qiyin bo‘lgan hududlari bo‘yicha bir tekis taqsimlanadi.
Byudjet tashkilotlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlarini xarid qilishga cheklangan narxlar o‘rnatiladi.