Asqad Muxtor bog‘i «o‘g‘ri»lari

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor o‘zining rang-barang janrlardagi nasriy, lirik asarlari, jahon adabiyotidan tarjimalari bilan XX asr o‘zbek adabiyotining rivojiga salmoqli ulush qo‘shdi. Garchi yozuvchi sifatida tanilgan bo‘lsa-da, uning orginal lirikasi hali-hanuz o‘zining sehru jozibasini ko‘z-ko‘z etib kelmoqda.

She’rni shoir qalbining tarjimai holi deydilar. Bu tarjimai hol sanalar, raqamlar, fakt va ma’lumotlardan emas, qalbning tepinish va talpinishlaridan, iztirobu quvonchlaridan, ayrilig‘u armonlaridan, undagi tuyg‘u-kechinmalarning parvozi va poetik mazmun kasb etishidan tarkib topadi.

Asqad Muxtor tasavvurida “O‘ylar davr to‘lg‘oqlari…”, “she’r turmush o‘chog‘idan olingan lag‘cha cho‘g‘…”, “she’r-yalt etgan oniy tuyg‘u, zavq-shavq tug‘yoni…”. She’riyatda hech kim yurmagan so‘qmoqlardan yurish istagi tufayli bu lirik qahramon goh shafqatsiz realist, ba’zan ko‘tarinki xayollar og‘ushidagi romantik, boshqa bir o‘rinda esa analitik o‘ylarga berilgan shaxs sifatida ko‘rinadi. Shoirning iqroricha, she’rlaridagi badiiy idrok va ifoda mazmuni mantiqiy muhokamalar asosida emas, aksincha, ilmiy mushohada-muhokamalarni ham taxayullar asosiga quradi.

“Kardiogramma” she’rida esa kelajak oldidagi javobgarlik va xavotir tuyg‘usidan, umuminsoniy dardlardan og‘rigan bezovta yurakning muvozanatini yo‘qotgan tepinishlari goh qisqarib, goh cho‘zilayogan kardiogrammaning siniq chiziqlarida o‘zligini ko‘rsatadi.

Asqad Muxtor lirikasida xalqona she’riyat an’analari zamonaviy she’rning xususiyatlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Olamni poetik idrok etishning yangi manerasini yuzaga keltiradi.

Men dunyoga ko‘z ochgan kunim,

Guldastalar kelgan onamga.

Tug‘ildi deb xursand bo‘ladigan

El-yurt kerak ekan odamga.

“El-yurt” atalgan mazkur she’r inson umri haqidagi xalqona falsafaning go‘zal namunasi.

Shoir she’riyatida umumlashtirish boru umumiy gap yo‘q. Voqelikdan tanlab olingan detal, obraz, metafora yordamida ichki va tashqi olam bir nuqtaga jamlanadi. Asqad Muxtorning muhim hizmatlaridan biri shundaki, uning lirikasi zamonaviy she’riyatni kitobiylikdan hayotiylikka yaqinlashtirdi.

Shoir she’riyati so‘z tanlash va ishlatishda ham namuna va ibrat maktabidir. Ba’zan poetik fikrni ifoda etishga ep ko‘rilmaydigandek tuyuladigan sodda, xalqona so‘zlardan noyob mo‘’jizalar yaratiladi.

U bahorda qaytdi. Sambit tollarning

Jo‘ja popuk bo‘lib gullagan fasli.

Rangi zahil edi. Gospitallarning

Devorlari sarg‘ish emasmi…

Aslida adabiyot noraso olamni bus-butun, mukammal ko‘rish istagi tufayli ro‘yobga chiqqan bo‘lsa, ajab emas. Shu istak bois Asqad Muxtor she’riy izhor tarzining rang-barang shakl va uslublarini sinab ko‘rdi. Uning she’rlaridagi modernistik ifodalar xalqona lirika zaminidan o‘sib chiqadi.

Ertagu asotirlar insoniyatning romantik orzu-umidlari beshigi. Ammo ulg‘aygach, inson ertagu afsonalar ruhidan chiqib ketolmasa, undagi ramzlar bir vosita ekanligini anglamasa, mo‘’jiza kutib osmonga ko‘z tikib yotaversa, har kuni qayta-qaytalab ko‘rinib, bilinib, sezilib turgan oddiy hayotiy mo‘’jizalar: “Arining gulga qo‘nishi”, “qaldirg‘ochning in qurishi”, “oddiy qo‘shiq xirgoyisi” ham bir baxt ekanligini tushunmasa, bunday kishiga hayot mashaqqat…Shoirning “Mo‘’jizalar “ she’ri shu haqida.

Hayotda mo‘’jizalar kam bo‘ladi. Odamzod bor ekan, romantik xayolparastdek yashayveradi. Biroq o‘tmish-o‘tmish, kelajak esa noayon. Bizning imkonimizda faqat bugun bor. Asqad Muxtorning lirik qahramoni bugunning odami, lekin u o‘ziga kelajakning ko‘zlari bilan qaraydi. Hamma zamon va makonlarda ham “dil ba yoru dast ba kor” eng yaxshi aqida ekanligini yaxshi tushunadi, shu bois har qanday davr bo‘lmasin, bugundan, shu ondan, shu lahza va daqiqadan bahra olishga, uning qadriga yetishga, hoyu-havaslar yo‘lida umrni ma’nisiz o‘tkazmaslikka da’vat etadi. Bu lirik qahramonning ruhiy bezovtaligi ana shundan. Shu sabab xalq maqollari mohiyatiga ham yangicha nazar soladi.

“Havas qilmayman” she’rida “Sabrning tagi oltin – dono qoida” ekanligini uqtirar ekan...

Endi kuzataman sabrlilarni;

“Oltin” yig‘adilar bezahmat, besas.

Eskilarmi, hozirgilarmi –

Men ularga qilmayman havas, – deydi.

Xotira - bizning axborotlar saqlanadigan arxivimiz. Voqelikdan olinadigan taassurotlarning salbiy yo ijobiyligi inson amalga oshiradigan keyingi harakatlarning yo‘nalishini belgilab beradi. Hayotda sodir bo‘ladigan har bir hodisa suv tubiga cho‘kkan toshdek ong ostida yotaveradi. Turmushda hal etilmagan muammolar xotira jarohatlariga aylanadi.

Yer qismati hamon dilga g‘uluv solar,

Bu dunyoning chaqolmadim ma’nosini.

Muammolar, muammolar, muammolar,

Men o‘g‘limga qoldiraman hammasini.

Shu paytga qadar muhabbat mavzusida millionlab katta-kichik asarlar yozilgan. Asqad Muxtor ham shu mavzuda yozar ekan, birovni takrorlamaydi, yangi, original obraz va ifoda yo‘sinining ta’sirdorligi bilan diqqatni o‘ziga tortadi.

Chig‘anoq ichida yotaversa,

qumdan

Gavhar tug‘ilarmish nihoyat…

Quch meni mahkamroq,

sening og‘ushingda

Men ham javohirga aylansam shoyad.

Chig‘anoq va uning ichida tug‘iladigan javohir alohida olinganda, ilmiy fakt. Shoir ana shu faktdan qalbning eng nozik, inja tuyg‘ularini ifoda etishda mohirona foydalanadi. Yoki shoirning

Men hushsiz yiqilsam, ko‘zlarimni oching –

Qorachiqlarimda uni ko‘rarsiz, –

satrlari ham an’anaviy shaklning yangi mazmun bilan to‘yinganligini dalillaydi.

Lirik qahramon monologining savol-javob asosiga qurilishi, ko‘pincha och qofiyaga murojaat, barmoq vaznida verlibrning zinapoya shaklini qo‘llash, lirik miniatyuralarda muayyan xarakterlar yaratish, hajmning siqiq, mazmunning salmoqdorligi, intellektual falsafiylik Asqad Muxtor she’riyatining xos alomatlaridir.

Muhammad Rahmonning “Asqad Muxtorning bog‘i” degan she’ri bor. Unda tasvirlanishicha, shoirning bog‘idan bir bolakay qo‘ynini to‘ldirib meva o‘g‘irlab chiqadi. Lirik qahramonning nega o‘g‘irlik qilayapsan, degan savolini javobsiz qoldirib, bolakay qochib ketadi. Shunda Muhammad Rahmonning lirik qahramoni bolani cho‘chitib qo‘yganidan afsus chekib, shoir do‘stlarimiz bilan o‘zimiz ham vaqtida bu “boqqa”, ya’ni Asqad Muxtorning she’riyat bog‘iga ko‘p bor “o‘g‘rilikka” tushgandik, deya o‘yga toladi.

Chinakam she’riyatni tuyg‘ularning tarbiyachisi, qalblarning murabbiysi deyishadi. Asqad Muxtor lirikasi ana shu jihatlari bilan qadrli va ahamiyatlidir.

Shavkat HASANOV,

filologiya fanlari doktori.