Ikkinchi jahon urushiga bag‘ishlangan eng mashhur yodgorliklar

Yigirmanchi asrning o‘rtalarida sodir bo‘lgan dahshatli va halokatli urush butun sayyora aholisiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Bir vaqtning o‘zida uchta qit’ada faol harbiy harakatlar amalga oshirilgan bu dahshatli mojaroga u yoki bu tarzda deyarli butun dunyo aholisi jalb qilingan.
Tarixdagi eng dahshatli urushga bag‘ishlangan yodgorliklar butun dunyo bo‘ylab o‘rnatilgan, chunkiundagi fojiali voqealar unutilmasligi kerak, deydi argumenti.ru.
Londonda, Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi shtab-kvartirasi yaqinida urush paytida mamlakatning omon qolishiga yordam berish uchun og‘ir mehnat qilishga majbur bo‘lgan millionlab ayollar mehnatiga bag‘ishlangan yodgorlik joylashgan.
Uning yon tomonlariga mashaqqatli mehnat bo‘lishiga qaramay, ayollar bajargan kasb kiyimlari, shu jumladan, ish kombinezonlari, harbiy formalar, polisiya va hamshiralar kiyimlari, gaz niqobli sumkalar va hatto payvandlash dubulg‘asi - jami o‘n yetti kasb kiyimlaridan iborat bronza to‘plam o‘rnatilgan.
Dunyodagi eng mash’um urush yodgorliklaridan biri, bu Polshaning Osvensim shahridagi Aushvits o‘lim lageri darvozasi tepasida o‘rnatilgan "Mehnat ozod qiladi" (Arbeit macht frei) iborasidir.
Bu ibora yana ko‘plab konsyentrasion lagerlar peshtoqida yozilgan, lekin aynan Osvensimga kiraverishdagi "V" harfi chappa o‘rnatilgan bo‘lgan bu joy 1,4 millionga yaqin odam o‘ldirilgan sayyoradagi eng dahshatli joylardan biri bo‘lganligi bilan ajralib turardi.
Chexiyada 1942 yilda sodir bo‘lgan mahalliy aholi qirg‘ini xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik o‘rnatilgan.
O‘shanda nemislar Chexiya va Moraviya himoyachisi deb atagan Reynxard Geydrix Chexoslovakiya partizanlari tomonidan o‘ldirilgan edi. Shundan so‘ng ushbu konchilar shaharchasining barcha aholisi partizanlarni yashirishda ayblangan. SS qo‘shinlari Liditsa shahrini qurshab olib, 15 yoshdan oshgan barcha erkaklarni otib tashladi, ayollar Ravensbryuk konslageriga yuborildi. 105 nafar bolaning 82 nafari Xyelmno yaqinidagi o‘lim lagerida yo‘q qilindi.
Ikkinchi jahon urushi tarixidagi yana bir muhim sahifa - minglab amerikalik askarlarning o‘limi va jarohatlanishiga olib kelgan yapon kuchlarining Perl-Xarborga kutilmagan hujumi Gavayidagi Oahu orolida joylashgan yodgorlik majmuasida esga olindi.
Uning eng ta’sirchan qismi esa cho‘kib ketgan "Arizona" jangovar kemasini o‘z ichiga olgan muzey-yodgorligidir.
Germaniyaning Berlin shahrida dekonstruksionist Piter Eyzenmanning loyihasi bo‘yicha qurilgan fojiali voqealarni eslatuvchi yodgorlik bor.
Nasizm qurbonlari - yahudiylar xotirasiga bag‘ishlangan ulkan maydonda 2700 dan ortiq kulrang plitalar o‘rnatilgan.
Xitoyda Ikkinchi jahon urushi davrida Xitoyni yapon bosqinchilaridan ozod qilish uchun janglarda halok bo‘lgan sovet askarlariga bag‘ishlangan ko‘plab harbiy yodgorliklar va qabrlar mavjud.
Eng ko‘p yodgorliklar Xeylunszyan provinsiyasida joylashgan. Chunki 1945 yilning avgustida eng jiddiy janglar aynan shu yerda bo‘lib o‘tgan. Uxan shahrida ham sovet ko‘ngilli uchuvchilariga bag‘ishlangan yodgorlik bor.
Sodiq do‘st
Eng ta’sirli yodgorliklardan biri Shimoliy Osetiyadagi Kurtatinsk tog‘ darasida joylashgan. Unda vafot etgan chavandozi va do‘sti uchun motam tutayotgan holdan toygan ot tasvirlangan.
Ot va chavandoz bir-biridan ajralmas bo‘lib, ot xo‘jayinidan boshqa hech kimga itoat qilmas edi. Agar janglarda chavandoz egaridan yiqilsa, vafodor hayvon uni tashlab ketmasdi, o‘rnidan turishini kutib turardi.
Bu yerga kelgan sayyohlar bronza otning ustiga o‘tirish taqiqlanlanligi haqida ogohlantiriladi. Aks holda, mahalliy aholi ham, halok bo‘lgan Kurtatinlar xotirasi ham chuqur haqorat qilingan bo‘ladi. Biroq, motamsaro otni egarlashga tayyor odamlar ko‘p emas. Chunki xotira muqaddas. Bunihamma biladi!
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.