Auksionda qimmat sotilgan buyumlar
Auksion (Kim oshdi savdolari) – bu har kim o‘ziga kerakli qimmatbaho narsalarni boshqa potensial xaridorlar bilan raqobatlashib, sotib olishi mumkin bo‘lgan joy. Auksionda bir qoida hech qachon o‘zgarmaydi – sotuvga qo‘yilgan lot eng ko‘p pul taklif qilgan kishiga sotiladi. Bunga misollar ko‘p, bugun ular to‘g‘risida so‘z yuritamiz.
Pivo shishasi - auksionda
2009 yilda Britaniyaning “Henry Aldridge and Son” kimoshdi savdo uyi 1937 yilda yonib ketgan “Gindenburg” dirijablining siniq parchalari ichida topilgan, ayni paytda dunyodagi eng qimmat pivo shishasi hisoblanadigan “Lowenbrau” pivo shishasini sotuvga qo‘ydi – xaridor buning uchun 166 ming dollar to‘lagan.
Albert Eynshteynning portreti
Mashhur nazariy fizikning eng mashhur fotosurati 1951 yilning 14 martida olingan. Shu kuni olim tug‘ilgan kunini nishonlab, bayramona ziyofatdan qaytayotgan edi. Chiqib ketish biroz qiyin kechdi, chunki u va uning do‘stlari fotosuratchilar tomonidan o‘rab olindi. Ular olimdan suratga tushishni so‘rashgandi, jahli chiqqan Eynshteyn ularga tilini chiqarib qo‘rsatdi.
Keyinchalik bu fotosurat juda mashhur bo‘lib ketdi va olim hatto ularning biriga dastxat qoldirayotganida, bu butun insoniyatga qarata qilingan ishora ekanligini aytdi. 2017 yilda bu surat 74 ming 324 dollarga sotilgan.
Moviy rangli qimmatbaho tosh
2017 yilda “Christie’s” kim oshdi savdo uyi beshburchak shaklga ega, og‘irligi 14,62 karat “Oppenheimer Blue” moviy olmosni sotuvga qo‘ydi. Dastlab ushbu olmosning narxi 45 million dollarga boshlang‘ich bahoda auksionga qo‘yildi. Ishtirokchilar uni yanada qimmat baholashdi va 57,6 million dollarga sotilgan “Oppenheimer Blue” qimmatbaho toshlar bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi.
“Titanikdagi” qutqaruv nimchasi
XX asrning boshlarida qutqaruv nimchasi hozirgilariga qaraganda biroz boshqacha ko‘rinishga ega edi. Ular 1912 yilda Atlantika okeanida cho‘kib ketgan mashhur “Titanik”da ham bo‘lgan. Afsuski, o‘shanda nimchalarning yetarli emasligi sababli juda ko‘p yo‘lovchi halok bo‘lgan. Bir muncha vaqt o‘tib, nimchalardan biri Shotlandiya qirg‘oqlarida topilgan. Uning qaysi voqea bilan bog‘liqligi va aniq kimga tegishli ekanligi noma’lum bo‘lishiga qaramay, 2008 yilda kimoshdi savdosida “buyum” 68 ming 500 dollarga sotilgan.
Aslida “Titanik” tarixi olimlar hamon o‘rganib kelayotgan ko‘plab sirlar bilan o‘ralgan. Tadqiqotchilar hatto 2021 yilda cho‘kkan laynerning bugungi kundagi ko‘rinishini ko‘rish uchun suv tubiga tushishdi. Bir necha yil oldin esa Kanadaning Nyu-Bransuik provinsiyasi qirg‘og‘ida kemadagi yo‘lovchilardan biri bo‘lgan jajji Matilda Lefevrning maktubi bo‘lgan shisha topildi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.