Auksionlar tarixida eng qimmat sotilgan antiqa buyumlar
Aksariyat odamlar antiqa buyumlarda bevosita o‘tmish bilan bog‘liq hisoblanadigan almisoqdan qolgan narsalarni ko‘rishadi. Biroq haqiqiy san’at ixlosmandlari boshqacha fikrda. Ular uchun qadimiy eksponatlar bebaho. Shunga qaramay, kimoshdi savdosida har bir qadimiy buyum o‘ziga xos baho bilan belgilanadi. Ashaddiy kolleksionerlar tarixning ma’lum bir qismiga egalik qilish uchun butun bir boylikni berishga tayyor. Bugun auksionlarda sotilgan eng qimmatli eksponatlar bilan tanishamiz.
Napoleon shamshiri
Oldida qanday jang turgan bo‘lishidan qat’iy nazar – Bonapart o‘zining shaxsiy arsenalida doimo to‘pponcha va qilich olib yurish odatiga sodiq qolgan. Shamshir oltin bilan bezatilgan bo‘lib, maxsus Napoleonning o‘zi uchun qilingan edi, shu sabab dunyoda Bonapartlar oilasida avloddan-avlodga o‘tib kelgan faqat bitta bunday eksponat bor. 1978 yilda qilich Fransiyaning milliy boyligi sifatida tan olindi. Taxminan o‘ttiz yil o‘tgach, tarixiy asar kimoshdi savdosida 6,5 million dollarga sotildi.
Qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan Tiara (Oltin toj)
Tiaraning o‘ziga xosligi - zargarlik buyumidagi qimmatbaho kolumbiya zumradi va sarg‘ish-yashil olmoslarning borligidadir. Besh yuzdan ortiq karatli a’lo darajadagi eksponat nemis malikasi Katarina Henkel fon Donnersmarkka tegishli edi. 2011 yilda u kimoshdi savdosida 12,1 million dollarga sotildi.
Min sulolasining oltin uchoyog‘i
Sof oltindan yasalgan uchoyoq bizning davrimizgacha yetib kelgan Min sulolasiga tegishli bo‘lgan eksponat. Uni 1399 yilda hukmronlik qilgan imperator Syuande saroyida o‘chog‘ sifatida (ba’zi bir manbalarda uch oyoqli kursi, o‘chog‘ ham deyilgan) foydalanilgan. 2008 yilda oltin uchoyoq 14,8 million dollarga sotildi.
Olifant jangovar burg‘usi
Fil suyagidan qilingan bu qadimgi eksponat ov mavzusida o‘yilgan tasvirlar bilan bezatilgan. Bugungi kunda bunday tarixiy qiymatga ega buyumning atigi 6 ta namunasi bor. Skandinaviyadagi auksionda bitta olifant 16,1 million dollarga sotildi.
Lyudovik XVning kumush tovog‘i
1733 yilda shaxsan Fransiya qiroli Lyudovik XV uchun yasalgan kumush tovoq Sotheby’s kimoshdi savdosida 10 287 500 dollarga sotildi. Bu buyum mo‘’jizaviy tarzda qayta eritilishlarni chetlab o‘tgan. Ushbu buyumning yakuniy bahosi dastlabki narxdan ancha yuqori bo‘lishi mumkin edi, biroq yuqorida ko‘rsatilgan narxda sotilib, 1996 yilda u auksionni tark etgan.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.