Avtovokzal va avtostansiyalarda zarur shart-sharoitlar yaratilmagan. Nega?

Viloyatda 1 ta yo‘lovchi avtovokzali va 17 ta avtostansiyalar mavjud va ular tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli.

Amaldagi “Me’yoriy-texnik talablar”ga muvofiq, avtovokzal va avtostansiyalar hududida yaratilishi lozim bo‘lgan shart-sharoitlar o‘rganilganda, aksariyat avtostansiyalarda bu talablar bajarilmaganligi ma’lum bo‘lgan.

Jumladan, Samarqand shahri Oydin yo‘l ko‘chasida joylashgan “Kompleks trans” MChJga tegishli “Samarqand” avtovokzali hududi qarovsiz holatda. Kirish va chiqish joylaridagi tekshirish postlari nosoz, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan joylar talab darajasida emas.

Kaftarxona mahallasida joylashgan “Siyob” avtostansiyasi hududi ham qarovsiz. “Yo‘lovchi avtovokzallari va yo‘lovchi avtostansiyalari to‘g‘risida”gi nizom talablariga javob bermaydi.

Shohi Zinda ko‘chasida joylashgan “SXF Samarqand City Stroy” MChJga qarashli “Shohi Zinda” avtostansiyasining ma’muriyat xonasi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan “savdo do‘koni” sifatida foydalanib kelinmoqda. Chiqarish va tushirish perronlari talab darajasida emas, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit yaratilmagan. Avtostansiyadan chiqish qismi beton to‘siq bilan to‘sib qo‘yilgan.

Spitamenshoh ko‘chasida joylashgan “Huasheng Technology” MChJga tegishli “Hazora” avtostansiyasi hududida yo‘lovchilar va jamoat transporti harakati uchun yaratilishi kerak bo‘lgan sharoitlar ham amaldagi me’yoriy hujjatlar talablariga javob bermaydi.

Shuningdek, Payariq tumani “Ottava KAN” MChJga tegishli “Payariq” avtostansiyasi joriy yilda qayta rekonstruksiya qilinib,  foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, bu borada ishlar boshlanmagan.

Paxtachi tumani “Paxtachi tashkiliy Avto” MChJga qarashli “Ziyovuddin” avtostansiyasi hududi jamoat transporti harakati uchun talabga javob bermaydi. Kutish xonalari va yosh bolali yo‘lovchilarga mo‘ljallangan xonalar tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan “Maishiy texnikalar do‘koni” sifatida ishlatilmoqda. 

Kattaqo‘rg‘on tumani “Shukrullo ota shohbekati” MChJga qarashli “Payshanba” avtostansiyasi hududidagi yo‘lovchilar kutishi uchun mo‘ljallangan binolar va xonalar savdo do‘koni sifatida foydalanilmoqda. Bu yerda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan.

Narpay tumani “Samarkand Ideal Servis” MChJga qarashli “Mirbozor” avtostansiyasi hududi sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Avtostansiyada nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan, hududga kirish va chiqishda xavfsizlik choralari ko‘rilmagan. 

Jomboy tumani “Jomboy Trans servis” MChJga qarashli “Jomboy” avtostansiyasida kutish xonalari yo‘q. Bu yerda ham nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan.

Viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida mazkur masala muhokama qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berilgan.