Ayni daqiqalarda Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda
Davlatimiz rahbari forumning barcha ishtirokchilarini samimiy qutladi.
“O‘zbekiston zamini ko‘p asrlar davomida dunyoning turli mintaqalaridagi savdogar, ishbilarmon va tadbirkorlar e’tiborini o‘ziga tortib kelgan.
Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan yurtimiz qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qit’alarining karvon yo‘llari tutashgan hudud sifatida mashhur bo‘lgan.
Xitoy, Hindiston, Eron, Vizantiya, Misr kabi mamlakatlarda shakllangan sivilizatsiya va madaniyat namunalari aynan qadimgi Movarounnahr, hozirgi O‘zbekiston hududida uchrashib, bir-birini o‘zaro boyitib kelgan.
Buning natijasida 3 ming yillik davlatchilik tarixiga ega mamlakatimiz uzoq davr mobaynida dunyoning savdo, iqtisod, ilm-fan, madaniyat va san’at yuksak ravnaq topgan markazlaridan biri bo‘lib xizmat qilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuviga ko‘ra, Shimol va Janubni, G‘arb va Sharqni magistral tranzit koridorlari orqali bog‘lab turadigan Markaziy Osiyo mintaqasining o‘zagi hisoblanadi.
Biz “Buyuk o‘tmishdan – buyuk kelajak sari” tamoyili asosida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishimizni jadal davom ettirmoqdamiz.
Bundan 5 yil avval biz Harakatlar strategiyasini qabul qilib, uning doirasida keng ko‘lamli demokratik islohotlarni amalga oshirish yo‘lini tanladik.
Ushbu islohotlar dasturi davlatimiz va jamiyatimizning barcha sohalarini qamrab olib, qonun ustuvorligini ta’minlash, raqobatni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish kabi muhim yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etgan.
Biz birinchi navbatda, ilgari investorlarni O‘zbekiston bozoriga kirishi va erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilgan barcha omillarni bartaraf etib, tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yarata boshladik”, dedi Prezident.