Ayni paytga qadar 86 nafar bemor koronavirusdan tuzalib, jami sog‘ayganlar 707 nafarni tashkil etmoqda
Farg‘ona viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus infeksiyasiga chalingan 22 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi yuqumli kasalliklar shifoxonasida 10 nafar bemor butunlay sog‘aydi.
Farg‘onada sog‘ayganlarning 19 nafari charter reys orqali Turkiyadan, 1 nafari Misrdan va yana 1 nafari Praga shahridan Farg‘onaga kelishgan bo‘lib, karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, ular viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Bir nafar farg‘onalik bemor koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirgan. Ulardan 9 nafari Toshkent shahridan, 5 nafari Qashqadaryo viloyatidan, 2 nafari Toshkent viloyatidan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Andijon, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlaridan 1 nafardan. Bemorlarning 10 nafari erkak, 12 nafari ayollar bo‘lib, ular orasida eng yoshi kattasi 49 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 16 yoshda.
Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 30 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 52 nafarga yetdi.
Qoraqalpog‘istonda sog‘ayganlarning 1 nafari Farg‘ona viloyatidan, 9 nafari Qoraqalpog‘istondan (7 nafari Nukus shahridan bo‘lsa, Qo‘ng‘irot va Kegeyli tumanidan 1 nafardan) bo‘lib, barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali yuqtirib olishgan. Bemorlarning 3 nafari erkak, 7 nafari ayol bo‘lib, ular orasida eng yoshi kattasi 42 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 12 yoshda. Samarali davolash muolajalari tufayli bugungi kunda laboratoriya tekshiruvlari ularning darddan butunlay forig‘ bo‘lganini ko‘rsatdi.
Poytaxtimizdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 2 nafar, Xorazm viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida 16 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butunlay sog‘aydi. Ular respublika va viloyat sog‘liqni saqlash sohasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.
Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlardan 1 nafari (4 yoshli bola) Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Yana 1 nafari (40 yoshli erkak) Buxoro viloyatidan bo‘lib, Rossiyadan charter reysda kelgan. Ushbu klinikada shu paytga qadar 68 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 70 nafarga yetdi.
Xorazm viloyatida sog‘ayganlarning 15 nafari joriy yil 22 mart kuni Rossiyadan charter reys bilan kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Qolgan 1 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Ulardan 15 nafari erkak, 1 nafari ayoldir. Bemorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatidan 3 nafardan, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridan 2 nafardan, Namangan, Buxoro, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 22 yoshda.
Shunday qilib, bugun ayni paytga qadar 86 nafar bemor tuzalib, mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar 707 nafarni tashkil etmoqda, deya ma’lum qildi SSV matbuot xizmati.