Ayolga muhabbat – hayotga muhabbat
Ayolni gulga qiyoslasak arziydi. Chunki gulning olamda tengi bo‘lmaganidek, ayolning ham dunyoda qiyosi yo‘q. U mehribon rafiqa, yaxshi xodima, muallima, hamshira, so‘zi o‘tkir jurnalist, tadbirkor, eng muhimi – Ayol.
Ona - har bir insonning qalb gavhari, nuri diydasi. Hayotda eng yaqin suyanch, sirdosh, yelkadosh ham Onadir. Qabardin shoiri Olim Keshokov ayolga qarata: «Agar men tog‘ bo‘lsam, sen tonggi shafaqsan», degan ekan. Axir tonggi shafaq tufayligina tog‘ cho‘qqisi viqorli ko‘rinadi-da!
Ayol bu – go‘zallik timsoli. U o‘zining latofati va idroki bilan dunyoni kaftlarida tutib turishi mumkin. Ayoldagi iroda va sabr-bardosh ulkan qoyaga, uning ko‘ngli esa nozik niholga qiyoslanadi. Ayolning topgani ham, topinadigani ham farzandi. Bola ko‘targan ayol esa butun olamni bag‘riga olgan bilan barobar.
- Men rassom sifatida bundan ortiq go‘zal va tiniq manzarani topolmasam kerak, - deydi kattaqo‘rg‘onlik taniqli musavvir, san’at arbobi Baxtiyor To‘rayev. – Farzandini emizayotgan ona dunyodagi tugal baxtning timsoli bo‘lib ko‘rinadi. Farzandini bag‘riga bosib turgan ayol tinchlik barqaror bo‘lishini tilayotgan, osoyishta hayot, sokinlik uchun betinim shukrona aytayotgan muqaddas zot, farishtaday xilqatdir. Hamma havas qilgudek oilam, komil farzandlarim bo‘lsa, elimda doimo tinchlik, eldoshlarimda oqibat barqaror bo‘lsa, deb niyat qiladi. Dunyo dunyo bo‘lib yaralibdiki, ayollar hurmat va e’zozda, e’tibor markazida bo‘lib kelishgan. Chunki ular nafaqat bugungi kunimizning mazmuni, balki ertangi kunimiz davomchilari, kelajak avlod yaratuvchilaridir.
Azaldan Sharq ayollarining mehri, ibosi, sadoqati, fidoyiligi o‘zgacha bo‘lgan. Shuning uchun ham Sharqda oilada qiz tug‘ilsa, millat tug‘ildi, millatning kelajagi tug‘ildi, deb iftixor qilinadi.
Abduaziz HOShIMOV.