Ayolni "shantaj" qilib, o‘limiga sababchi bo‘lgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida bir ayolning o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish hamda shaxsiy hayot daxlsizligini buzgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi.

Bu haqda JIB Kasbi tumani sudi raisi M.Ochilova Zarnews.uz ga ma’lum qildi.

Ijarachi G.Sh. o‘zining go‘zallik salonini M.J.ga oyiga 300 ming so‘m evaziga ijaraga beradi. Joriy yil 1 aprel kuni M.J.ning qizi Sh.R. IIB xodimi Z.R. bilan go‘zallik salonida quchoqlashib turganida, ijarachi ikki qizi va kuyovi hamda jiyani T.S. bilan kirib keladi va jiyani T.S.ga ularni telefon orqali video tasvirga olish haqida topshiriq beradi. Ularni videoga olib, qizdan “meni Z.R. zo‘rladi”, degan tilxat yozdirib oladi.

Shundan so‘ng ijarachi G.Sh. IIB xodimi Z.R.dan O.T.ning mendan 10 million so‘m qarzi bor, o‘shani olib berasan, deb talab qo‘yadi. Sh.R.ga esa agar ijara uchun oyiga 100 dollardan to‘lamasang, video tasvirlarni namoyish qilaman, deb tahdid qilgan.

3 aprel kuni video tasvir tarqalib ketishidan va shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishidan qo‘rqib, o‘z joniga qasd kilgan Sh.R. salon shiftiga o‘zini osib qo‘yadi.

Ayolning o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazishida aybdor deb topilgan  G.Sh.ga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi, T.S.ga esa shaxsiy hayot daxlsizligini buzgani uchun 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.