Musofirlikda qarindoshini qaqshatgan ayol 6 yilga qamaldi

Dilshoda (ismlar o‘zgartirilgan) oilasidan ajrashgan, qaramog‘ida uch nafar farzandi bor. Ayol ro‘zg‘or tebratishda halol yo‘lni tanlamadi, oqibatda bir necha marta jinoiy javobgarlikka tortildi. Shundan so‘ng, Dilshoda ishlash uchun Moskva shahriga ketdi.

Dastlab bir korxonada farrosh bo‘ldi, keyinchalik sotuvchilik, ko‘cha tozalash ishlarida ishladi. Asta-sekin muhitga moslashib, tanishlar orttirdi. Keyin osonroq pul topish haqida o‘yladi. Hayot sinovlarida toblangan ayol o‘zicha puxta reja qildi. “Ko‘pni ko‘rgan” ayol begona emas, o‘z jiyanini, sodda oilasini sarson qilishni o‘yladi.

Ko‘p qavatli uylardan 3 xonalik xonadonni ijaraga oldi-da, yengiltak qiz-juvonlarni to‘plab fohishaxona ochdi. Shundan so‘ng, qo‘li pul ko‘rib, hayoti farovonlashdi. Tanish-bilishi ko‘paydi, o‘zini tadbirkor ayolday tuta boshladi. Endi daromad turlarini kengaytirish haqida o‘ylay boshladi.

Bir safar yurtga qaytgan Dilshoda jiyani Maysarani yo‘qlab bordi. Maysaraning oilaviy sharoiti ancha yengil edi. Eri To‘lqin va ukasi ustachilik qilardi. Ularning mashina ta’mirlayotganini ko‘rgan Dilshodaning birdan “kallasi ishlab ketdi”.

- Kuyov, gulday hunaringiz bor ekan, bu yerda xor bo‘lib yuribsiz. Bunaqa kasbdagilar Rossiyada zo‘r pul topadi. Moskvada sizlarga zo‘r ish topib beraman, ko‘p pul topasiz. Men yaqinda ketaman. Avval borib, ish topay keyin sizlarni chaqiraman. Maysaraga ham topib beraman, - dedi hammani og‘ziga qaratib.

Dilshoda Rossiyaga borgandan so‘ng To‘lqinga qo‘ng‘iroq qildi:

- Sizlarga zo‘r ish topdim, ukangni ham olib kel, har biringiz 1000 AQSh dollaridan oylik olasizlar, xotiningni ham olib kel. Yo‘l kira 900 AQSh dollari bo‘ladi, tanishimdan olib turinglar, keyin hisob-kitob qilamiz. Tezroq kelinglar, bo‘lmasa ishlayman degan ko‘p, ishlaringni olib  qo‘yishadi.

Shundan keyin To‘lqin oila a’zolari bilan maslahatlashib, ayolning gapiga ishonib, Moskva shahriga ishga ketishga rozi bo‘ldi. Ayol tanishi orqali biletga pul yubordi. To‘lqin ukasi, xotini va 6 oylik farzandini olib Moskva shahriga uchib ketdi.

Aeroportda ularni Dilshodaning tanishlari kutib olib, Moskva shahridagi ko‘p qavatli uylardan biriga olib kelishdi. Dilshodaning uyida o‘zidan tashqari juda ko‘p yosh qiz-juvonlar bor edi. Ularning muomalasi, o‘zini tutishi, ochiq-sochiq yurishi kimligini, nima ish bilan shug‘ullanishini ko‘rsatib turardi.

Dilshoda “sizlarni ro‘yxatga qo‘yaman” deb ularning pasportlarini oldi. Keyin:

- Ishni gaplashib qo‘ydim, ish tayyor, 1000 dollardan olasiz. Hozircha yotoqjoy garajning o‘zida bo‘ladi, keyin ishlar yaxshi bo‘lsa, o‘zlaring ijaraga uy olasizlar, - dedi.

Ertasi kuni ayol ularni uyidan bir kilometrlar uzoqda joylashgan bir nechta garajlarning oldiga olib bordi. Uzunroq garajga, ustaxonaga olib borib To‘lqin va ukasini ustaxona egasi Famil ismli kishi bilan tanishtirdi.

Dilshoda ustaxona egasi bilan ishni gaplashganda, yigitlarning ish haqini o‘ziga berishini tayinlab qo‘ygandi.

Famil garajning oxirida parda bilan o‘ralgan joyni ko‘rsatib:

- Mana shu yotoq joylaringiz, maosh olguningizcha oziq-ovqat bilan ta’minlab turaman, keyin hisob-kitob qilamiz, - dedi.

Parda ortida taxtalardan yasalgan kravot, ustida eski matraslar turardi.

Telefonda gaplashganda boshqacha xayol qilgan To‘lqin joyni ko‘rib, hayron bo‘ldi.

- Bu sharoitda qanday yashaymiz, yosh bolamiz bo‘lsa, - dedi.

- Sizlar ishni boshlayveringlar. Men jiyanimni bolasi bilan olib ketaman, yaxshi ish topib beraman, - dedi.

To‘lqin xotinini Dilshoda olib ketishiga keskin qarshilik qildi. Uning uyidagi vaziyatni yaxshi bilgani uchun, bu ayoldan har narsani kutish mumkinligiga ishona boshlagandi.

Shundan keyin shirin xayollar bilan kelgan To‘lqin va yaqinlarining azobli kunlari boshlandi. Famil yengil-yelpi yeguliklar olib kelishdan nariga o‘tmadi.

Garajning ichi sovuq edi, taxtaning ustiga odeyal va matraslarni to‘shab yotgan oila mashaqqatli kunlarni boshdan kechirdi. Bir oy davomida Dilshoda har kuni kelib, ularni nazorat qilib ketdi. Bir oy o‘tib, To‘lqin ish haqini so‘raganda, ustaxona egasi uni Dilshoda olib ketganini aytdi.To‘lqin Dilshodaga qo‘ng‘iroq qilganda ayol:

- Famil bilan bir yilga shartnoma qilganman. Pullaringni oxirida olasanlar, hozir pul bersam, qochib ketishlaring mumkin, - dedi.

Oradan yana bir oy o‘tdi. O‘ta xarob yashash, huquqsizlik, me’yorida ovqatlanmaslik ularning tinkasini quritdi. Tuzukroq ko‘chaga ham chiqolmaydi, chunki qo‘llarida birorta hujjat ham, pul ham yo‘q. Politsiya ushlab ketsa, himoya qiladigan, olib chiqadigan odam yo‘q. Yana Dilshodaga qo‘ng‘iroq qilishdi:

- Ish haqimizdan olganingizcha olib, qolganini bering, boshqa joyda ishlamoqchimiz, - deb yalinishdi. Lekin o‘zgalar hisobidan rohatda yashayotgan ayol ko‘nmadi. - Ko‘chaga chiqsalaring militsiyaga qo‘lga tushasizlar, ular to‘g‘ri meni oldimga olib keladi. Hech qayerga keta olmaysizlar.

Pulsiz, pasportsiz hech qayerga ketolmay, noilojlikdan ishlab yurishga majbur bo‘lishdi.

Bir kuni To‘lqin hudud politsiya noziriga bilan uchrashdi. Nozirga Dilshoda ularni majburlab ishlatayotgani, pasportlari va maosh pullarini bermayotganligini aytdi. Haqiqatan, politsiyachi Dilshoda bilan tanish ekan. Bundan xabar topgan Dilshoda telefon qilib, rosa haqorat qildi, do‘q-po‘pisa qildi.

Bir kuni ustaxonaga mashinasini tuzatishga bir o‘zbek yigiti kelib qoldi. To‘lqin unga vaziyatni tushuntirdi. O‘sha yigit ularni boshqa bir ustaxonaga olib bordi. Ustaxona egasi ularga yashash va ishlashga yaxshi sharoit qilib berdi, ish haqini ham vaqtida berdi.

Shundan keyin odamga o‘xshab yashay boshlashdi, mehnatiga yarasha pul topa boshladi. Oradan oylar o‘tib, avval ukasini yurtga qaytardi. Keyin er-xotin birga qaytgach, Dilshodaning ustidan arz qilishdi. Ish haqini bermay, og‘ir sharoitda majburlab ishlatganini bayon qilib, ayolga qonuniy chora ko‘rish, yetkazilgan moddiy-ma’naviy zararlarni undirishni so‘radi.

Sud majlisida aybiga qisman iqror bo‘lgan Dilshoda jiyaniga yordam qilib, marhum opasining ruhini shod qilmoqchi bo‘lganini, ularni yollab ishlatmaganini aytib, o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi. Biroq, faktlar oldida bosh egdi.

Sud hukmi bilan Dilshoda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Tolib Boyzoqov,

Samarqand viloyat sudi raisi o‘rinbosari.

Bekzod Jumaboyev,

viloyat sudi sudyasi.