AYOQShlarda benzin uchun uzun navbatlar yuzaga kelmoqda, holat qachongacha davom etishi aniq emas
Xabaringiz bor, so‘nggi haftada yaqin yillarda kuzatilmagan benzin taqchilligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Aniqrog‘i, avtomobillarga metan gazi berish to‘xtatilgach, kun sayin benzin uchun navbatlar uzaya boshladi. Keyingi kunlardagi AI-80 markali benzin kamyobligi navbat uzunligiga asosiy sabab bo‘lib qo‘shildi.
Muxbirimiz bugun, Samarqand shahridagi bir necha AYoQShdagi holatni ko‘zdan kechirdi. Jumladan, AI-80 markali benzin sotilayotgan Navoiy shoh ko‘chasidagi AYoQShda navbat yarim kilometrdan oshgan. Rudakiy ko‘chasidagi “Samarqand texno gaz oyl” shoxobchasida ham navbat turnaqator, bir kilometrgacha, xuddi shunday Rudakiy ko‘chasining xalq tilida “Makaronka” hududiga tutash qismidagi AYoQShda ham uzundan-uzun navbat.
Aynan shu AYoQShlarda ayni vaqtda AI-80 markali benzin berilayotgani uchun uzun navbatlar bo‘layotgani aytildi. Haydovchilarga ko‘ra, har kuni faqat sanoqli shoxobchalarda AI-80 markali benzin bo‘ladi va ko‘pchilik uzoq kutib bo‘lsa ham shu benzindan olishga harakat qiladi.
Biz bo‘lgan har uchala AYoQShda ham benzin narxi bir xil: 5700 so‘m. AI-91, AI-95 kabi markali benzin narxlari esa 9500-9700 so‘m atrofida. Guvoh bo‘ldikki, ayrim AYoQShlar faoliyatini to‘xtatgan. Ko‘pchiligida esa faqat AI-91, AI-95 markali benzin bor. So‘nggi kunlarda bunday markali benzin uchun ham navbat shakllanmoqda, ammo u qadar uzun emas.
Rasmiy tashkilotlar benzin taqchilligi qachongacha davom etishi haqida hozircha aniq ma’lumot bergan emas.