Azaga aylangan to‘y: kuyov to‘y kuni arafasida pichoqlandi
To‘y xalqimizning eng shirin «tashvish»laridan biri. Bunday deyishimizning boisi, to‘y sohiblari topgan-tutganini sarflab, yetmaganiga qarz olib, uni to‘lash tashvishlari bilan yelib yugursa-da, hamma shu tashvishni orzu qiladi. Abdumalik aka (ism-shariflar o‘zgartirildi) ham ana shunday shirin tashvishlar bilan to‘y boshlab yubordi. Ertaga o‘g‘li Anvarni uylantiradi. Bazmga mehmonlar chaqirib qo‘yilgan.
Anvarning sinfdoshlari kun bo‘yi hovli atrofini tozalab, to‘y bazmiga taraddud ko‘rishdi. Hamma xush kayfiyatda. Ayniqsa, kuyovbolaning hayajonini sezish qiyin emas. Hamma sinfdoshlar yig‘ilgach, sabzi to‘g‘rash marosimi boshlandi. Aksiga olgandek, to‘y uchun olingan sabzi maydaroq bo‘lib, artish va to‘g‘rash sinfdoshlarga biroz qiyinchilik tug‘dira boshladi. Shu vaqt kuyovjo‘ra Jabbor shunday taklif bildirdi:
— Hoshim aka uyida sabzi to‘g‘rab sotadi, 10 ming so‘mdan pul yig‘sak, 120 ming so‘m pul bo‘larkan, shu kishidan to‘g‘ralgan sabzi sotib olib kelsak, nima deysizlar?
Bu taklif barchaga ma’qul keldi. Qodir pul yig‘ishni boshladi. Shu vaqt Sobirga navbat kelganida, u yonidan 5000 so‘m pul chiqarib berib, past ovozda boshqa puli yo‘qligini bildirdi.
— Doim shunaqa qilasan, sen pastsan, — dedi Jabbor ko‘pchilik orasida uni izza qilganidan mag‘rur ohangda. — Pulini qaytarib ber, o‘rniga o‘zim to‘layman.
Jabborning bu gapi Sobirga juda og‘ir botdi. Do‘stining ochiqdan-ochiq kamsitishini qabul qila olmadi. Urmoqchi edi, boshqalar oraga tushib uni to‘xtatdi. Yoshi kattalar janjal qilmasliklarini, o‘rtog‘ining to‘yini buzish yaxshi emasligini aytib, nasihat qilishdi.
Shundan so‘ng sinfdoshlar Anvarning mashinasida Hoshim akaning uyiga jo‘namoqchi bo‘lishdi. Ammo Jabbor o‘rnidan turayotib yana Sobirga qarab dag‘dag‘a qildi:
— Bir mushtimga chidamaysan, men bilan o‘ynashma!..
Bu gap Sobirga battar alam qildi. Chorpoya ustida turgan oshxona pichog‘ini qo‘liga olib, «Jabbor, bu yoqqa kel», deya baqirib, qo‘lini u tomonga siltadi.
Hamma dahshat shundan keyin boshlandi. Sobir bor kuchi bilan siltagan vaqtda pichoqni yonida turgan Anvarning boshining orqasiga sanchib qo‘ygandi. Shu orada kimdir «Anvarjon!» deya baqirib yubordi. Qilmishini hali anglab yetishga ulgurmagan Sobir ortiga o‘girilib qaradi-yu, yerda yiqilib yotgan sinfdoshini ko‘rdi.
Anvar shifoxonada ikki hafta koma holatida yotgach, hayot bilan vidolashdi. To‘y azaga aylandi. Yor-yor sadolari ostida kelin kirib kelishi kutilayotgan hovlidan dod-faryod bilan tobut olib chiqildi. Sho‘x-shodon qo‘shiqlar yangrashi kutilayotgan uydan mushtipar onaning ohu nolasi eshitildi...
O‘tkirbek MAMADALIYEV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisining o‘rinbosari.
Abdusattor ABDURAZZOQOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining raisi.