“Bag‘rikenglik haftaligi” yakunida “Do‘stlik bog‘i” yaratildi

Avval xabar berganimizdek, 16 noyabr - Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan Samarqandda “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkazildi.
Xaftalik milliy madaniy markazlar vakillarining Samarqand shahridagi tarixiy obidalarga sayohati bilan boshlandi. Viloyat axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan “Kitobxonlik bizni birlashtiradi” shiori ostidagi ko‘rgazma tadbirning mohiyatini yanada oshirdi.
Bugun haftalik yakunida “Nodavlat notijorat tashkilotlari va do‘stlik uyi”da “Do‘stlik bog‘i” yaratildi. Turli millat vakillari hamda diniy ulamolar jam bo‘lib, bog‘ga 20 turdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari ekishdi.
- Bugun viloyatimizda 11 ta milliy madaniy markazlar faoliyat ko‘rsatmoqda, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamadqulov. - Viloyatimizda 300 mingdan ortiq turli millat vakillari yashab kelmoqda. Bugun o‘tkazilgan tadbir ularni yanada birlashtirishga xizmat qildi.
Albatta, Samarqandda "Do‘stlik uyi"ning tashkil etilishi ham boshqa millat vakillari bilan birdamlikning namunasi bo‘ldi. Aynan milliy madaniy markazlar va nodavlat tashkilotlarining bir joyda faoliyat ko‘rsatishi ular o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash barobarida hamkorlikda ishlashga ham sharoit yaratib kelmoqda.
Shuningdek, xaftalik doirasida viloyat adliya boshqarmasida “Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Oliy o‘quv yurtlarida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida tadbirlar tashkil etildi. Kasb-hunar ta’limi hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Bag‘rikenglik” festivali tashkil etilib, “Milliy qo‘shiqlar va raqslar” tanlovi, “Mening bag‘rikeng dunyoim” mavzusida rasmlar, “Bag‘rikeng diyor” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi.
Kimyogarlar shaharchasidagi “Nurafshon” san’at saroyida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” nomli konsert dasturi namoyish etildi. Unda viloyatimizda yashab kelayotgan turli millat vakillari o‘z madaniyati, urf-odatini milliy liboslari orqali ko‘rsatishdi.
Samarqand shahridagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyiga qilingan sayohat ularda katta taassurot qoldirdi. U yerda saqlanayotgan eksponatlar, tarixiy ashyolar, ayniqsa, diniy qo‘lyozmalar haqidagi ma’lumot ko‘pchilikni qiziqtirdi.
Husan Eltoyev.