Bahodir Sharofov: “Turkiyada teatrga borish madaniyati juda yuqori”

– Tunjar Jujan o‘g‘lining "Ko‘chki" asari 40 ta davlatda namoyish etilgan, – deya gap boshladi B.Sharofov. – Ushbu asar voqealari festival o‘tkazilayotgan Konya shahrining Anatoliy hududining sharqiy tomonida sodir bo‘lganligi spektaklga e’tiborni kuchaytirdi.

22 aprel biz uchun unutilmas kun bo‘ldi. 500 tomoshabinga mo‘ljallangan teatrga biletlar 3 kun oldin sotilganini eshitgach, spektaklga yanada jiddiyroq yondashish hamda mahorat bilan ijro etish mas’uliyatini his qildik.

Shu kuni asar muallifi Tunjar Jujan o‘g‘li spektakl oldidan chiqish qilib, asar mazmun-mohiyati, maqsadi, voqealari haqida tomoshabinlarga qisqacha ma’lumot berdi. Spektakldan so‘ng davom etgan qarsaklardan ijodimizga, mehnatimizga berilgan bahoni ko‘rdik. Festival haqida chop etilgan jurnalning ilk sahifasida bizning "Ko‘chki" spektaklimizdan lavha aks ettirilgani ham ijodimizga berilgan e’tibor belgisidir.

– Bahodir aka, teatr jamoasi festivaldan nimalarni o‘rgandi, umuman, boshqa davlat teatrlari bilan ijodiy hamkorlik ham yo‘lga qo‘yildimi?

– Konya davlat teatrining tashkil topganiga 20 yil bo‘libdi. Aktyorlarning teatrga ishga kirishi juda murakkab bo‘lib, bir nechta kastinglarda ishtirok etishi lozim ekan. Ushbu teatr aktyorlari rol ijrosida asosiy e’tiborni harakatga, plastikaga qaratisharkan. Bu asarning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi. Teatr sahnasida ko‘proq tarixiy asarlar namoyish etilishi turk xalqining o‘z madaniyatiga, ajdodlariga bo‘lgan yuksak hurmatidan dalolat beradi. Umuman olganda, festival doirasida namoyish etilgan har bir spektakldan so‘ng barcha ijodkorlar yig‘ilib, asarni, aktyorlar ijrosini muhokama qildik. O‘rgandik va o‘rgatdik ham. Konya davlat teatri rahbari Ferdi Dalkelich bilan ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik.

Shu o‘rinda Turkiyada tomoshabinlarning teatrga borish, uni ko‘rish madaniyati juda yuqori ekanini ta’kidlamoqchiman. Ular teatr jamoasining mehnatini qadrlashadi. Spektakl boshlandimi, yoqmasa ham tinchgina o‘tirib, tomosha qiladi. Buni o‘zimizda ham shakllantirish kerak. Axir teatr madaniyat va ma’naviyatimizni o‘rgatuvchi, yuksaltiruvchi maskan.

– Festivaldan keyingi rejalaringiz…

– Ushbu xalqaro teatr festivalidan bir olam hayajon va rejalar bilan qaytdik. Teatrimiz qoshida jamoatchilik va xalqaro aloqalar bo‘limi tashkil etishni rejalashtirdik. Respublika teatrlari singari endi turk ijodkorlari bilan ham o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Teatr ijodiy muhitini yanada rivojlantirib, o‘zbek madaniyati va san’atini jahonga tanitishni o‘z oldimizga maqsad qildik.

Nasiba JONTO‘RAYeVA

suhbatlashdi.