Bahor quyoshi foydalimi yoki zarar?

Bularning barchasi serotonin - quyosh nuri ta’sirida ishlab chiqariladigan "baxt gormoni" hisobiga ro‘y beradi. U bizga ijobiy quvvat beradi. Ultrabinafsha nurlar organizmdagi kalsiy metabolizmi va so‘rilishini tartibga soluvchi D vitamini sinteziga yordam beradi.
Organizmda kalsiy yetishmovchiligi tish kasalliklari, soch va tirnoqlarning mo‘rtlashishi, osteoporoz rivojlanishi hamda bolalarda raxit, immunitetning pasayishiga olib keladi.
D vitamini oziq-ovqat va vitamin komplekslarini qabul qilishdan ko‘ra ochiq osmon ostida, quyosh nurlari ta’sirida ko‘proq hosil bo‘ladi.
Quyosh nurlari organizmdagi metabolik jarayonlarga foydali ta’sir ko‘rsatadi, miya, oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilaydi, immunitetni yaxshilaydi.
Quyosh nurlari ta’sirida tomirlar kengayib, hujayralar kislorod bilan to‘yinishi yaxshilanadi.
Bahor quyoshi deformatsiyalangan to‘qimalarda regeneratsiya jarayonlarini kuchaytiradi, qon hujayralarining himoya xususiyatlarini faollashtiradi, soch o‘sishiga ta’sir qiladi, inson tanasining toksinlar va zaharlarga nisbatan sezgirligini pasaytiradi.
Ammo foydasi oltinga teng bu tekin muolajada ham me’yorni unutmagan ma’qul.
Quyosh nuri ko‘z va ko‘rish jarayoni uchun xavfli ham ekan. Quyosh nurlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki qorda akslanishi ko‘zlarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Buning oldini olish uchun quyoshli kunlarda himoya ko‘zoynaklari va quyoshdan himoyalovchi vositalardan muntazam foydalanish zarur.
Ultrabinafsha nurlari ostida ko‘p qolib ketish uning teriga chuqur singishi oqibatida suvsizlantiradi va erta qarishni keltirib chiqaradi. Teri jilosizlanib, kollagen ishlab chiqarish kamayadi, teri elastikligini yo‘qotadi. Quyoshli kunlarda himoya kremlaridan foydalanish, yuz va qo‘llar namlantirib turilishi lozim bo‘ladi.
Quyosh ta’sirida inson tanasida erkin radikallar faollashadi va hujayralarni yo‘q qiladi, bu immunitet tizimi faoliyati buzilishi, natijada saraton kasalligiga olib kelishi mumkin. Mutaxassislar teriga go‘zal tus berish uchun sun’iy nurda toblanish(solyariy)lar natijasida saraton kasalliklari kelib chiqishini ta’kidlashgan.
Buning oldini olish uchun antioksidantlardan foydalanish, ayniqsa bolalarning quyosh ostida o‘tkazadigan vaqtlarini nazorat qilish, doimiy bosh kiyim, himoya ko‘zoynagi, soyabondan foydalanish zarur.