Balansda saqlovchi davlat mulkini o‘z bilganicha ijaraga berolmaydi. Samarqandda shunday qilgan tashkilot ikki hissa ijara haqi va davlat boji to‘laydigan bo‘ldi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi bo‘sh turgan ob’yektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi viloyat hududiy boshqarmasi sudga murojaat qilib, Bulung‘ur tumani irrigatsiya bo‘limidan 30 million 411 ming 333 so‘m va 19 ming 600 so‘m pochta xarajatlarini undirishni so‘ragan.

Arizada bayon etilishicha, davlat mulki hisoblangan Bulung‘ur tumani irrigatsiya bo‘limi balansidagi 130 kvadrat metr xonalar “Bulung‘urmaxsussuvpudrat” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ijara shartnomasi tuzmasdan 2018 yil avgust oyidan 2019 yil 31 dekabrga qadar foydalanishga berilganligi aniqlangan.

Amaldagi tartibga asosan “Davlat mulkini ijara shartnomasi tuzmasdan ijaraga berish, ijara shartnomasida ijaraga berilgan mulkning predmetlari va soni ataylab noto‘g‘ri qayd etilganligini, buning natijasida ijara to‘lovining yashirilishiga olib kelganligi holati aniqlanganligi taqdirda markaz uch ish kuni mobaynida belgilangan tartibda davlat mulkidan foydalanganlik davri uchun ijara to‘lovini ikki baravar miqdorida hisoblab chiqadi va tegishli hujjatlarni balansda saqlovchiga taqdim etadi.

Belgilangan normativ hujjatlarga zid ravishda ijara shartnomasi tuzilmaganligi sababli ijara haqi miqdorining ikki baravari hisoblangan. Javobgarga yuqorida ko‘rsatilgan summani ixtiyoriy to‘lab berish haqida tegishli talabnoma yuborilgan. Biroq to‘lovlar ixtiyoriy amalga oshirilmagan.

Sudning ajrimi bilan Bulung‘ur tumani g‘aznachilik bo‘linmasi hamda “Bulung‘urmaxsussuvpudrat” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishga mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilindi.

Biroq belgilangan tartibda sud majlisi muhokamasi kuni va vaqtidan xabardor qilingan Bulung‘ur tumani g‘aznachilik bo‘linmasi hamda “Bulung‘urmaxsussuvpudrat” mas’uliyati cheklangan jamiyati sud majlisiga kelmadi.

Iqtisodiy protsessual kodeksning 170-moddasiga asosan ish muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar, uchinchi shaxslar sud majlisiga kelmasa, nizo ularning yo‘qligida hal qilinishi mumkin.

Ish hujjatlariga taqdim etilgan Samarqand viloyat hokimining 2018 yil 8 fevraldagi 83-Q-sonli qarori 1-ilovasining102-bandida, xususiy tashkilotlar uchun ofisning 1 kvadrat metr uchun yillik eng kam stavkasi 18 ming 100 so‘m deb, shu bilan birga, Samarqand viloyati hokimining 2019 yil 12 yanvardagi 16-Q-sonli qarori 1-ilovasining 109-bandida, xususiy tashkilotlar uchun idoraning 1 kvadrat metr uchun yillik eng kam stavkasi 21 ming 700 so‘m deb belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 8 apreldagi «Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, davlat mulkining ijara shartnomasi ijaraga beruvchi, ijaraga oluvchi va balansda saqlovchi o‘rtasida tuziladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi bo‘sh turgan ob’yektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi viloyat hududiy boshqarmasi Bulung‘ur tuman irrigatsiya bo‘limi balansidagi 130 kvadrat metr xonalar bo‘yicha ijara shartnomasi tuzmaganligi sababli ijara haqi miqdorining ikki baravarini hisoblab, 30 million 411 ming 333 so‘m belgilangan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi bo‘sh turgan ob’yektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi viloyat hududiy boshqarmasi vakili ish sudga o‘tgach to‘lovlar qisman amalga oshirilganligi sababli da’vo talabini qisman qanoatlantirishni so‘radi.

Javobgar tomonidan taqdim etilgan memorial orderga ko‘ra, Bulung‘ur tuman irrigatsiya bo‘limi da’vogarga 15 million so‘m mablag‘ni to‘lab bergan.

Bunday holatda sud da’vo arizani qisman qanoatlantirishni, javobgar Bulung‘ur tuman irrigatsiya bo‘limidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi bo‘sh turgan ob’yektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi viloyat hududiy boshqarmasi foydasiga 15 million 411 ming 333 so‘m hamda ixtiyoriy to‘langan 19 ming 600 so‘m pochta xarajatlarini undirishni, Respublika byudjetiga javobgardan 608 ming 226,66 so‘m davlat boji undirishni lozim deb topdi.

N.Tursunova,

Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi.