Baliq boqib, boyish mumkinmi?
Samarqandda 421 ta baliqchilik xo‘jaligi mavjud. Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 2 ming 72 tonna baliq yetishtirilgan.
Jumladan, Past Darg‘om tumanidagi “Po‘lat baliq havzasi” fermer xo‘jaligi tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida 672 tonna naslli baliq yetishtirilgan.
Bu haqda agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan Past Darg‘om tumanidagi baliqchilik va quyonchilik fermer xo‘jaliklari faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan press-turda batafsil ma’lumot berildi.
- Tuman hokimligi tomonidan 2010 yilda baliqchilik faoliyatini boshlashimiz uchun 4 gektar suv havzasi ajratildi, - deydi “Po‘lat baliq havzasi” fermer xo‘jaligi rahbari To‘lqin Jo‘ramurodov. – Faoliyatimizni ikki nafar ishchi bilan boshladik va ”Oq Amur”, ”Tilapiya”, ”Sazan,” “Do‘ngpeshona”, “Afrika qora laqqasi”, “Karp” singari naslli baliqlar yetishtirishga kirishdik. Ishlarimiz yurishib, 40 gektargacha suv havzasida baliq boqib, klasterga aylantirdik. Dastlab oddiy usulda boqilgan baliqlardan 3 tonnagacha mahsulot olgan bo‘lsak, bugungi kunda Xitoydan keltirilgan uskunalar yordamida 1 gektardan 120 tonnagacha baliq olyapmiz. Hozir xo‘jaligimizda 20 nafar ishchi 40 dan ziyod intensiv suv havzalarida va baliqchilik issiqxonalarida naslli baliqlar boqmoqda. Joriy yilning shu davriga qadar 600 tonnadan ortiq baliq yetishtirdik va yil oxirigacha yana 400 tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan.
Viloyatda 14 ta quyonchilik xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ularda 5 ming 530 bosh quyon parvarish qilinmoqda. Shundan tumandagi “Darg‘om Agro Velikan” MChJda Italiyadan keltirilgan 300 bosh naslli quyon boqilmoqda.
- 2016 yilda ichki iste’mol bozorini arzon va sifatli parhez go‘sht hamda quyonchilikka ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi korxonalarini naslli quyonlar bilan ta’minlash, ularning ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 12 gektar yer va 300 million so‘m subsidiya ajratilgan edi, - deydi MChJ rahbari To‘lqin Qurbonov. - Italiyadan 110 bosh “xikol” va “velikan” naslli quyonlar olib keldik. Ularni tabiiy sharoitda ko‘paytirib, olti yilda 20 mingdan ortiq naslli quyonlar fermer va dehqon xo‘jaliklariga yetkazib berildi. Hozirda Belgiya va Germaniyadan keltirilgan 300 bosh naslli, shundan 100 bosh "velikan" quyonlarini parvarishlayapmiz. Kelgusi yilda naslli quyonlarni respublikamizning barcha hududlariga import qilmoqchimiz.
Fazliddin Ro‘ziboyev.