Baliqchilik xo‘jaliklariga qanday imtiyozlar taqdim etildi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekildi. Respublikada intensiv usulda baliq yetishtirishni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish va rag‘batlantirish, mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, sohaga innovatsion g‘oyalar, ilmiy ishlanmalar, zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini keng ko‘lamda joriy qilish, baliqchilik tarmog‘ini yanada qo‘llab-quvvatlash kabi maqsadlarda qabul qilingan mazkur hujjat mazmun-mohiyati navbatdagi videosharhimizda.
Baliqchilik – yetti xazinaning biri. Bu eski gap, hamma biladi. Nechanchi xazina ekan, deya barmoq bukmoqqa ham hojat yo‘q: dastlabkilaridan biri. Boz ustiga, bu luqmai halolning inson salomatligi uchun foydasini aytmaysizmi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga amal qiladigan bo‘lsak, har bir odam yil davomida kamida 15,6 kg. baliq go‘shti iste’mol qilmog‘i lozim ekan. Baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha eng yuqori darajadan turib berilayotgan e’tibor ma’nisini tushuntirishning ham hojati yo‘q: ham salomatlik, ham soha rivoji, ham ish bilan ta’minot degan maqsadlar bor bunda. Rivoj degani esa o‘z-o‘zidan, shunchaki amalga oshib qolmaydi. Muammo bor. Qayerda, deysizmi? Masalan, intensiv usulda baliq yetishtirishga yetarli darajada e’tibor qaratilmayapti, hududlarda tarmoqni rivojlantirishda yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish, uni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar yetarli emas. Suv havzalari 421 ming gektar bo‘lsa, ulardan ilmiy yondashuv asosida samarali foydalanish, meliorativ holatni yaxshilash, tejamkor texnologiya va innovatsiyalarni joriy qilish ishlari yetarlicha emas.
Faqat shugina emas. Sun’iy suv havzalari hosildorligini oshirish uchun baliqchilik xo‘jaliklarining mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talabi to‘liq qondirilmayapti. Masalan, unga bo‘lgan ehtiyoj 26100 tonna bo‘lgani holda, amalda birja orqali bor-yo‘g‘i 4400 tonnagina sotilmoqda. Mineral o‘g‘itni boshqa muqobili bilan almashtiray, desang, bu bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari ham tuzuk-quruq olib borilgani yo‘q.
Bundan tashqari, baliqni intensiv usulda yetishtirish, ovlash va qayta ishlash uchun zarur asbob-uskuna va anjomlar o‘zimizda ishlab chiqarilmaydi. Oqibatda tadbirkor degani vaqt-u mablag‘ini sarflab, ularni yurt oshib, Xitoy va Rossiyadan xarid qilmoqda. Sohaga xorijiy investitsiya jalb etish masalasi ham oqsab yotibdi. Xullas, muammolar bisyor.
Shu muammolarni bartaraf etish uchun ham Prezidentning “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Xo‘sh, Qaror bilan qanday o‘zgarishlar amalga oshadi?
Qaror bilan, 2019 yilda respublikada:
baliq yetishtirish va ovlash;
baliq yetishtirish inshootlari va qurilmalarini barpo etish;
baliqchilik xo‘jaliklariga omixta yem va mineral o‘g‘it (ammofos) yetkazib berish;
reproduksion hovuzlarni tashkil etish, baliq chavoqlari yetishtirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash quvvatlarini ishga tushirish kabi qator ko‘rsatkichlarning prognoz parametrlari tasdiqlandi.
Bu aslida nima degani?
Birinchidan, uzluksiz suv ta’minlash imkoniyati bo‘lgan sun’iy suv havzalardagi baliqchilik xo‘jaliklari – bosqichma-bosqich tarzda intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Natijada 2018 yilda 150 ming tonna baliq yetishtirilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 201 ming 500 tonnani tashkil etadi.
Ikkinchidan, 2018 yilda – 350 mln. dona baliq yetishtirishga mo‘ljallangan 7 ta inkubatsion sex qurilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 10 tani tashkil etib, ularning umumiy quvvati 530 mln. Dona baliq chavog‘i yetkazib berishga mo‘ljallangan bo‘ladi.
Hozir sanalgan ishlar o‘z-o‘zidan amalga oshib qolmasligi ma’lum. Tayinki, har bir ishda bo‘lganidek, vazifalar adog‘i ham oxir oqibat moliyaviy manbaga borib taqaladi. Prezident Qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ekvivalenti – 50 million AQSh dollari miqdorida “Ipotekabank”ning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirilishi ko‘zda tutilgan. Nega endi aynan “Ipotekabank” deyishga shoshmay tursangiz, “berdi”sini aytamiz.
Birinchidan, respublikada baliqchilikni rivojlantirish loyihalarining aksariyati Prezidentning oldingi yillardagi qarorlari bilan aynan shu bankka yuklatilgan. Ikkinchidan esa, “Ipotekabank”ning ustav kapitali oshgach, ta’bir joiz bo‘lsa, uning “beli” yanada baquvvatlashadi, Bank esa bu mablag‘lar evaziga – xoh aksiya chiqarsin, xoh kredit bersin, borib-borib o‘sha ajratilgan mablag‘lar alaloqibat aynan baliqchilikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirishga sarflanadi.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash faqatgina shu yo‘l bilan emas. Qarorda belgilanganidek, Moliya vazirligi har yili 15 million AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni 2019–2020 yillar davomida tegishli yilning 1 fevraliga qadar baliqchilik loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga o‘tkazib beradi.
Bundan tashqari, 2021 yil 1 noyabrga qadar muddatda:
naslli ona baliq, baliq uvuldirig‘i, shuningdek, respublikada ishlab chiqarilmaydigan inkubatsiya, laboratoriya, intensiv usulda baliq yetishtirish, baliq ovlash, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, muzlatish va saqlash uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskuna, anjom, mexanizmlar va ularning ehtiyot qismlari, muqobil energiya ta’minoti uskunalari, melioratsiya ishlari uchun maxsus texnikalar va tirik baliq tashuvchi transport vositalari;
chet el tashkilotlari va uning sho‘’ba korxonalari, firma do‘konlari,
dilerlik tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyoji uchun chetdan keltiradigan omixta yem va mineral o‘g‘it (ammofos) bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.
Bu – moliyaviy masalalar edi. Endi joriy etiladigan yana bir yangilik haqida. Qaror bilan hududlarda baliqchilik sohasida to‘liq tizimli ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, ya’ni inkubatsiya sexi, chavoq va tovar baliq yetishtirish, yuqori oqsilga boy baliq yemini qayta ishlash va saqlash kabi yumushlarni bajaradigan – baliqchilik klasterlari tashkil etiladigan bo‘ldi. Mazkur klasterlarning yillik baliq yetishtirish quvvati kamida 50 tonna bo‘lgan taqdirda, ular 2019 yil 1 yanvardan boshlab dastlabki uch yil davomida barcha soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod etiladi.
Qaror bilan intensiv usulda baliq yetishtirish, ovlash va qayta ishlash uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskuna, jihoz va mexanizmlar ishlab chiqarishni 2019 yil yakuniga qadar mahalliylashtirish choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga topshiriqlar berilgan. Bundan tashqari, “O‘zkimyosanoat” AJga – 2019 yil davomida baliqchilik xo‘jaliklariga talab qilinadigan 30,7 ming tonna mineral o‘g‘it, ya’ni ammofos ishlab chiqarish va birja savdolariga qo‘yib borish vazifasi topshirilgan.
Suv xo‘jaligi vazirligi esa – 2019 yil 1 aprelga qadar muddatda prognozlashtirilgan suv miqdoridan kelib chiqib, o‘rnatilgan tartibda faoliyat yuritayotgan baliqchilik xo‘jaliklari bilan suvdan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzilishini va baliqchilik xo‘jaliklari uchun belgilangan suv miqdorining kafolatli yetkazib berilishini ta’minlaydi.
28 banddan iborat Prezident qarorida hozir sanab o‘tganlarimizdan tashqari, soha bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida intensiv usulda baliq yetishtirishni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha komissiya tashkil qilish, 2019 yildan boshlab, har yilning noyabr oyida baliqchilikka oid ko‘rgazma o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish kabi va boshqa tadoriklar belgilab qo‘yilgan.
Xulosa qilsak. Ustoz adiblarimizdan biri: “Baxt tilay desam, uyaldim, inson boshim bilan – kichik baliqdan”, deya aytgan edi. Misrada-ku oltin baliq nazarda tutilmoqda. Biz esa oddiy, o‘zimizning rasmaki baliqni boqib, rizqni, baxtni Yaratganning o‘zidan so‘rayveraylik. Zora yetti emas, yetmish xazinaga ega chiqsak. Ushbu qaror ana shunday shirin umidlarga turtki bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
huzuridagi Axborot-tahlil multimedia
markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi