Bandlikni ta’minlashda yangicha mexanizm

Unga ko‘ra:

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi uchun joriy yil respublika byudjetidan 150 milliard so‘m, 2019 yildan 300 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladigan bo‘ldi.

Viloyat va shahar hokimliklari huzurida yangi ish o‘rinlari tashkil etishni rag‘batlantirish hududiy jamg‘armalari tashkil etiladi.

Mikrokreditlar asosan, kichik tadbirkorlik, fermer va dehqon xo‘jaliklari, oilaviy tadbirkorlik, shaxsiy tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida issiqxonalar tashkil etish, urug‘lik, ko‘chat, chorva mollari va parrandalar, qishloq xo‘jaligi inventari va uskunalari, sug‘orish moslamalarini xarid qilish, shuningdek, maishiy, ta’mirlash, ta’lim, tibbiy, axborot-kommunikatsiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan sohalarda faoliyat ko‘rsatadigan korxonalar tashkil etish va jihozlash, kasanachilikni rivojlantirishga ajratiladi.

Mikrokreditlar eng kam ish haqining 500 baravarigacha bo‘lgan miqdorda 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, Markaziy bank qayta  moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasi, shu jumladan, tijorat bankining ajratiladigan kredit stavkasining 50 foizi miqdoridagi marja bilan taqdim etiladi.

Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatga olingan ishsizlarga, mehnat migrantlariga, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, kam ta’minlangan oilalar a’zolariga garov ta’minotisiz eng kam ish haqining 100 baravari miqdoridan oshmagan hajmda mikrokreditlar ajratiladi.

Qishloq tumanlarida, aholisi 5 ming kishidan ko‘p bo‘lgan aholi punktlaridan tashqari, sartaroshxona, yakka tartibda kiyim tikish xizmatlari, poyabzal ta’mirlash hamda jamoat hammomlarini tashkil etgan yakka tartibdagi tadbirkorlar 2023 yil 1 iyulgacha barcha turdagi soliqlar to‘lashdan, yakka tartibdagi tadbirkorlar har bir yollangan xodimga to‘lanadigan qat’iy belgilangan soliqni to‘lashdan ozod etiladi.

Birinchi marta mikrokredit olgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uni olgan sanadan boshlab 6 oy mobaynida qat’iy belgilangan soliq to‘lashdan ozod etiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan bandlikka ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatdan o‘tgan ishsiz shaxslarni, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun kasb-hunar ta’limi muassasalariga grantlar ajratiladi.

2018 yil 1 avgustdan boshlab bir martalik subsidiyalar berilishini nazarda tutadigan ishsizlik bo‘yicha sug‘urtalash tizimi joriy etiladi.

2018 yil 1 sentyabrdan boshlab mahalla rahbarlarining ma’lumotlari va fuqarolarning arizalari asosida shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarida ishlovchi fuqarolarni band bo‘lgan shaxs sifatida hisobga olish mexanizmi joriy etiladi.