Bankirning nayranglari: kredit olgan ayolning sarson-sargardonligi nima bilan tugadi?

Zavqiddin 2007 yildan beri AT Xalq bankining Bog‘ishamol filialida kredit operatsiyalari bo‘limida turli lavozimlarda ishlab keldi. 2011 yildan boshlab shu bo‘limda bosh mutaxassis bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasining 2001 yildagi “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarga ta’lim kreditlari berilishini va undirilishini nazorat qilish, hisobotlar tayyorlab tegishli joylarga taqdim qilish kabi vazifalar Zavqiddinning zimmasida edi.

Sadolat shartnoma asosida o‘qishga kirdi. Shartnoma pulini to‘lashga qurbi yetmagach, bankdan ta’lim krediti olishga qaror qildi.

U 2012 yili AT Xalq bankining Bog‘ishamol filialidan turmush o‘rtog‘ining “Nexia” rusumli avtomobilini garovga qo‘yib, 18.725.000 so‘m ta’lim krediti oldi.

Sadolat 2014 yil oktyabr oyida kredit mablag‘larini so‘ndirish uchun 2.150.000 so‘m, noyabr oyida 2.500.000 so‘m, dekabr oyida esa 8.230.000 so‘m mablag‘larni olib kelib Zavqiddinga topshirdi. Bank xodimi qabul qilib, kvitansiya yozib berdi. Ko‘p o‘tmay Sadolat yana 5.845.000 so‘m keltirdi. Zavqiddin kvitansiya yozib, buxgalteriyadan shtamp bostirib keldi.

- Opa ko‘nglingiz xotirjam bo‘lsin, mana kvitansiya tayyor. Faqat bu menda qoladi. Ta’qiqdagi mashinangizni chiqarish uchun xat tayyorlayman, - dedi.

Sadolat unga ishonib chiqib ketdi. U rasmiylashtirilgan kredit bo‘yicha hamma to‘lovlarni o‘z vaqtidi to‘lab bo‘ldi. Zavqiddin bu mablag‘lardan 1.761.000 so‘mini Sadolat nomiga to‘lov qilib, qolgan 16.964.000 so‘mni o‘z ehtiyojlariga sarflab yubordi.

Sadolat “kreditni yopdim, endi mashinamni ta’qiqdan chiqarib bering”, deb bir necha marta Zavqiddinga murojaat qildi.

Yigit bu tomonini ham o‘ylab qo‘ygandi. Transport vositasini ta’qiqdan chiqarish haqida xat tayyorladi. Filial boshqaruvchisining imzosini soxtalashtirib jinoiy yo‘l bilan avtomashinani ta’qiqdan chiqarishga erishdi. 

2017 yil Sadolatga AT Xalq banki Bog‘ishamol bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilib, bankka kelishini so‘radi.

Ayol bankka kelib, boshqaruvchining gaplaridan hayron bo‘ldi.

- 2012 yilda olingan ta’lim krediti hanuzgacha to‘lanmagan, - dedi u.

- Qanday qilib, men hammasini o‘z vaqtida to‘laganman, - dedi Sadolat o‘zida bo‘lgan hujjat va kvitansiyalarning asl nusxasini ko‘rsatib. Garovga qo‘yilgan mashinani ham ta’qiqdan chiqarilganini aytdi.

Bank boshqaruvchisi Zavqiddinni chaqirib, holatga aniqlik kiritdi. Kredit to‘langan, anglashilmovchilik bo‘libdi, degan xulosaga kelishdi.

2018 yil yanvar oyida Sadolatning yana tinchi buzildi. Bankdan ogohlantirish xati kelgandi. Unda 10 kun muddat ichida bankdan olgan kreditni to‘lash kerakligi  yozilgan edi.

Ayolning fig‘oni falakka chiqib, bankka yo‘l oldi.

- Kompyuter ma’lumotlariga ko‘ra ogohnomada ko‘rsatilganidek, 18.638.260 so‘m miqdorida qarzdorligingiz bor, - dedi bank boshqaruvchisi.

Sadolat o‘tgan yili bo‘lgan holatni aytdi.

- Zavqiddin qarzlarni to‘lamadi. Shuning uchun uni ishdan bo‘shatdim, - dedi boshliq.

Ayol Zavqiddinni izlab topdi. Bankka olib kelib boshqaruvchi bilan yuzlashtirdi. Yigit barcha ayblarini bo‘yniga oldi. Bir oy muhlat bersa hamma pullarni joyiga qo‘yishini aytdi. Ammo so‘zining ustidan chiqmadi.

Sadolat bu sarsongarchilikdan charchadi. Zavqiddinning ustidan tegishli joyga arz qildi.

Sud hukmi bilan Zavqiddin 1 yil 6 oy mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavorzimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi. Har oylik ish haqining 20 foizi davlat foydasiga undirish sharti bilan 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Hozir banklarda kredit turlari juda ko‘p. Kredit olib o‘qishingiz, tadbirkorlik qilishingiz, chorvachilik va hokazolar bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, Zavqiddin kabi o‘z ishiga yuzaki munosabatda bo‘ladigan kimsalar sabab, ba’zan idora ostonasini hatlashga yurak bezillab qoladi.