Barchamizga daxldor masalalar bor

Viloyat hokimining o‘rinbosari Sh.Qulmatov ishtirok etgan tadbirda xalqning sog‘lom e’tiqod, mustahkam iroda, uyg‘oq vijdon bilan bir maqsad atrofida birlashishida diniy soha vakillarining hissasi beqiyosligi, ularning o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashishi, yurt ravnaqi, aholi farovonligi yo‘lida mehnat qilishi, ushbu fidoyilik xislatlarini boshqalarga ham yuqtirishi kerakligi xususida mulohazalar bildirildi.
Imomlarga tevarak-atrofda bo‘layotgan voqealarga teran munosabatda bo‘lish, bilimi va salohiyatini oshirib borishga doir tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Zayniddin EShONQULOV.
***
Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasidagi davra suhbatida boshqarma hamda advokatlik tuzilmalari vakillari sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, advokatura faoliyatini rivojlantirish, konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, tadbirkorlik sub’yektlariga huquqiy maslahatlar berish, davlat organlarida vakillik qilish, nizolarni sudgacha hal etish kabi masalalarni muhokama qildilar.
– O‘tgan yili viloyatimiz advokatlari tomonidan 20 mingdan ortiq huquqiy yordam ko‘rsatilib, yuridik va jismoniy shaxslarning qonuniy manfaati himoya qilindi, – deydi Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i O.Axtamov. – Besh mingdan ziyod tadbirkorga og‘zaki maslahatlar berilib, tadbirkor bo‘lish istagidagi 1200 ga yaqin fuqaroning lokal hujjatlari tayyorlandi. Viloyat mahallalarida aholining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha huquqiy maslahatxonalar tashkil etildi. Xalq qabulxonalarida advokatlarimiz jadval asosida faoliyat olib bormoqda.
Suhbat davomida advokatlar joriy yilda tadbirkorlar uchun bepul huquqiy maslahatlar berib borish tashabbusi bilan chiqdi.
A.TOShBEKOV.
***
O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Samarqand shahar kengashi tashabbusi bilan Bog‘ishamol sanoat kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimidagi islohotlar, qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
G‘ayrat SATTOROV.
***
Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi "Yosh adolatchilar" qanoti Samarqand shahar kengashi tomonidan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Murojaatnoma mazmuniga ko‘ra, ishtirokchilar xalq manfaati yo‘lida xizmat qilishni, ular bilan muloqotni yanada samarali tashkil etishni va bu orqali odamlarning ishonchini qozonishni kelishib oldilar.
Lola SAYIDOVA.
***
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-umumta’lim maktabi, maishiy xizmat ko‘rsatish hamda Payshanba kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kollejlarida o‘tkazilgan tadbirda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yo‘ldoshev hamda tuman ziyolilaridan iborat targ‘ibot guruhi a’zolari tomonidan Murojaatnomada o‘z ifodasini topgan yurt taraqqiyoti, demokratik tamoyillarga asoslangan erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida tushunchalar berildi.
Shuhrat QARShIYeV.