Barqaror iqtisodiy o‘sish. Bunga erishish uchun qanday loyihalarni amalga oshirish kerak?

2023 yil 11 sentyabrda Prezidentimiz tomonidan «O‘zbekston-2030» strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi. Ushbu strategiyada kelgusi 6 yillikda amalga oshiriladigan aniq maqsadlarning keltirilganligi bilan muhim ahamiyatga ega.

Ta’kidlash o‘rinliki, mamlakatimizda tizimli ravishda amalga oshirilayotgan strategiyalar asosida aholi farovonligi, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘sib borish davomiyligini ta’minlash, ekologik muammolar ta’sirini kamaytirish, qishloq xo‘jaligida yetishtirilayotgan mahsulotlarning unumdorligini oshirish, turizm sohasini iqtisodiyotimizning lokomotiviga aylantirish hamda barcha tarmoq va sohalarga raqamli texnologiyalarni keng jalb qilish kabi maqsadlar e’tiborga olingan.

Shu jihatdan strategiyaning ikkinchi asosiy yo‘nalishi «Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash»deb nomlangan bo‘lib, bunda makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiy rivojlanishni zarur darajadagi energetika, suv va infratuzilma resurslari bilan ta’minlash kabi dolzarb masalarga yechimlar berilgan. Xususan, 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirish kabi aniq vazifalar keltirilgan.

Bu vazifani amalga oshirish uchun quyidagi ko‘rsatkichlarni ta’minlash lozim:

Birinchidan, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish.

Ikkinchidan, makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiy rivojlanishni zarur darajadagi energetika, suv va infratuzilma resurslari bilan ta’minlash.

Uchinchidan, pul-kredit, fiskal va tashqi savdo siyosatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish hamda tovar va xizmatlar bozorida raqobat muhitini yaxshilashga qaratilgan tarkibiy islohotlarni davom ettirish orqali 2030 yilga borib yillik inflyasiyani 5-6 foiz darajasida ta’minlash.

To‘rtinchidan, iqtisodiyotda transformatsiya va institutsional islohotlarni izchil davom ettirish, mamlakatda qulay investitsion ishbilarmonlik muhitini ta’minlash hamda muvozanatlashgan pul-kredit siyosatini amalga oshirish.

Beshinchidan, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatini 50 foizdan oshmasligi uchun o‘rta muddatlarga mo‘ljallangan davlat qarzini boshqarish strategiyasini amalga oshirish.

Oltinchidan, asosiy kapitalga kiritiladigan investitsiyalar hajmining yillik o‘rtacha 7 foiz atrofida o‘sishini ta’minlash.

Ushbu aniq maqsadlarni o‘z muddatida amalga oshirish aholi farovonligi ta’minlashning eng samarali yechimi hisoblanadi. Barqaror taraqqiyotni ta’minlashda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni oshirish barqaror taraqqiyotning asosidir.

Umuman olganda, «O‘zbekiston-2030» strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash biz kabi iqtisodchilarning hamda yoshlarimizning zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

 Z.Bakayev,

Samarqand davlat universiteti raqamli iqtisodiyot kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, (PhD).