Bashoratga aylangan yozuvchilar asarlari

Badiiy adabiyotdagi ba’zi asarlarda yozilgan hodisalar o‘nlab yillar yoki asrlar o‘tib o‘ngidan kelgan holatlar ham bo‘lgan.

Ba’zi yozuvchilar nafaqat ulkan adabiy iste’dodi, balki o‘z kitoblarida yozganlari haqiqatga aylanishini bilmasdan turib kelajakda bo‘lib o‘tadigan voqealarni bashorat qilgan.

Ular yashagan davrda adabiy asarlar ilmiy fantastika turkumiga kirgan va hech kim insoniyatning kelajakdagi katta fojialari to‘g‘risida o‘qiyotganini xayoliga ham keltirmasdi.

Titanik halokati

титаник

Minglab odam halok bo‘lgan Titanik fojiasi 1912 yilning aprel oyida Atlanika okeanida sodir bo‘lganidan ko‘pchilikning xabari bor.

Ajablanarlisi, 1898 yilda yozuvchi Morgan Robertson o‘zining “Titan halokati” romanini nashr etdi, unda cho‘kishi mumkin emas deb hisoblangan “Titan” kemasining halokati to‘g‘risida hikoya qilingan edi.

Robertsonning romanidagi Titan kemasi asar chiqqanidan 14 yil o‘tgach suzib yuruvchi muztog‘ga urilib cho‘kkan Titanik kabi cho‘kib ketadi.

Oyga safar

Yozuvchi Jyul Vern ham o‘zining bashoratlari bilan tanilgan. U kelajakdagi dunyo haqida 108 taxminni ilgari surdi, shundan 98 tasi amalga oshib, haqiqatga aylandi.

Yozuvchi “Yer markaziga sayohat” asarida Yer yuzida uning yadrosida bo‘lgani kabi hayot va odamlar borligini kashf etgan guruh haqida hikoya qiladi.

Yozuvchining 1868 yilda nashr etilgan “Yerdan Oyga qarab” kitobidagi bashorati esa bundan ham ajablanarli. Fransuz muallifi o‘z romanida Oyga sayohatga jo‘nab ketgan uch dovyurak kishi haqida hikoya qiladi. Erkaklar Floridadan Yerning sun’iy yo‘ldoshiga qarab sayohat qilishdi, so‘ng Tinch okeaniga qo‘nishdi. Bir asr o‘tgach, insoniyat o‘tmishda to‘qima deb hisoblangan ushbu voqeaning guvohi bo‘ldi.

Uch astronavt Florida shtatidan yozuvchi tomonidan hatto kema kattaligigacha aniq tasvirlangan “Appolon-8”da oyga parvozni amalga oshirdi. Guruh Tinch okeaniga qo‘ndi.

Asar voqealari yarim asr o‘tgach amalda yuz berdi

Ba’zi tarixchilar yozuvchi Edgar Allan Poni vaqt mashinasida sayohat qilgan yoki hech bo‘lmaganda kelajakni ko‘ra olish qobiliyati bor yozuvchilardan deb hisoblashadi.

1838 yilda yozuvchi “Artur Gordon Pimning sarguzashtlari” kitobida kema qulashi natijasida tirik qolgan, yeguliklari tugagandan so‘ng ilojsizlikdan ishchilardan birini yeyishga qaror qilgan 4 dengizchi haqida hikoya qilingan. Qur’a tortish natijasi Richard Parker ismli yunga(kichik matros)ni ko‘rsatdi.

Edgar Po ta’kidlashicha, asarda tasvirlangan voqealar haqiqatda ro‘y bergan. Faqat u bu voqea kelajakda bo‘lib o‘tishini ko‘rsatishni unutgan.

Deyarli yarim asr o‘tib, 1884 yilda Magnolet kemasi halokatga uchradi, 4 kishi omon qolib, uning a’zolari bir kishini yeyishga majbur bo‘ldi. Tanlov kimga tushganligini tushungandirsiz, ha-ha, aynan yunga Richard Parker omadsiz bo‘lib chiqdi. Vaqt o‘tib, dengizchilar so‘roqqa tutilganda yuqorida aytib o‘tilgan kitobni o‘qimaganliklarini aytgan.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.