Baxshitepada hamma ish bilan band. Qanday qilib?
Gap Toyloq tumanidagi shu nomli mahalla haqida bormoqda. Bu yerda 5 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Mahalla “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi, “Boqiy shahar” majmuasi hamda viloyatning nufuzli ishlab chiqarish korxonalariga yaqin hududda joylashganligi, shuningdek, bu yerda tadbirkorlik, hunarmandchilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanish imkoniyatlari yaxshi ekanligi uchun ham aholi yaxshi hayot kechiradi.
Parrandachilik va asalarichilik mahallamizning drayveri hisoblanadi, - deydi mahalladagi hokim yordamchisi Farrux Hamdamov. – Bu yerga ishga kelganimga 3 oy bo‘ldi. Odamlari samimiy, ishbilarmon, mehnasevar ekan. Shu qisqa vaqt ichida 16 nafar fuqaroga imtiyozli kredit ajratilishida ko‘maklashdim. Ular qandolatchilik, tikuvchilik, maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa tadbirkorlik faoliyati turlari bilan shug‘ullanmoqda. Bu mahallada boqimandalik kayfiyatidagi fuqarolarning yo‘qligi meni xursand qildi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlaganlar orasida nogironligi bo‘lgan fuqarolar ham bor.
Shu mahallada yashovchi, eshitishida nuqsoni bor fuqaro Qodirjon Muxtorov sog‘lom qishloqdoshlaridan qolishmasdan, ro‘zg‘origa qo‘shimcha daromad keltirish maqsadida tinim bilmay mehnat qilib kelyapti. U ilgari eski mashinasida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanganini va bu yaxshi natija bermaganligini tushuntirdi. Keyingi paytlarda mahalla faollari ko‘magi bilan Samarqand shahridagi "Monomarkaz"da o‘qib, etikdo‘zlikni o‘rganganidan, shuningdek, subsidiya asosida do‘kon qurib berilganidan xursand.
Mahallada ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan korxonalar soni ham kun sayin ortib boryapti.
- Shu paytgacha ishsiz bo‘lgan fuqaro Nafisa Qurbonova yaqinda oilaviy korxona tashkil etdi, - deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Xursandoy Isrofilova. – Natijada 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu yerda kuniga ayollar uchun 35-40 ta kurtka tayyorlanib, bozorga chiqarilyapti.
Muxtasar aytganda, mahalla aholisi orasida ishsizlik muammosi bilan qiynalayotgan fuqarolar yo‘q.