Bayden prezidentlikning birinchi kunida AQShning JSSTdan chiqish jarayonini tugatishga kirishadi
Yana bir necha soatlardan keyin Vashingtonda Jo Baydenning rasmiy inauguratsiyasi boshlanadi. AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden o‘zining rasmiy inauguratsiyasi kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)dan chiqish jarayonini tugatuvchi farmonni imzolaydi, deyiladi amerikalik siyosatchi jamoasi veb-saytida.
O‘z navbatida The Hill nashriyoti Baydenning tegishli choralarisiz Qo‘shma Shtatlar 6 iyul kuniyoq JSSTdan rasman chiqib ketish mumkinligini eslatdi.
Bayonotga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar shu hafta boshlangan JSST Ijroiya kengashining ishida ishtirok etadi. AQSh delegatsiyasiga mamlakatning yuqumli kasalliklar bo‘yicha yetakchi mutaxassisi, doktor Entoni Fauchi boshchilik qiladi va ertaga, 21 yanvar kuni JSSTda nutq so‘zlaydi.
Bundan tashqari, bayonotda Bayden ma’muriyati Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va AQShning boshqa sheriklari bilan xalqaro tashkilotni isloh qilish va mustahkamlash, sog‘liqni saqlash sohasidagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlashi ta’kidlanadi.
O‘tgan yilning may oyi oxirida Amerika rahbari JSST zarur bo‘lgan islohotlarni amalga oshirishdan bosh tortgani sababli Vashington ushbu tashkilot bilan barcha aloqalarini uzayotganini e’lon qilgan edi.
Iyul oyida Qo‘shma Shtatlar BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishni JSSTdan chiqish to‘g‘risida xabardor qildi, qaror 2021 yil 6 iyulda kuchga kirishi kerak.
G.Xoldorova tayyorladi.