Baydenda topilgan maxfiy hujjatlar bilan bog‘liq vaziyatni maxsus prokuror tekshiradi

AQSh bosh prokurori Robert Xyorning Jo Bayden vitse-prezidentligi davridagi maxfiy hujjatlarni saqlash qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq vaziyatni tekshirish bo‘yicha maxsus maslahatchi etib tayinlanganini ma’lum qilgan.

Kecha Oq uy advokatlari Baydenning Delaverdagi uyida maxfiy hujjatlar topilganini e’lon qilishdi. Baydenning o‘zi Oq uyda nutq so‘zlagan holda, Delaverdagi qarorgohidagi "ofisi va shaxsiy kutubxonasida" bir nechta maxfiy hujjatlar topilganini tan olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, advokatlar bu haqda AQSh Adliya vazirligini xabardor qilgan va bu hujjatlarni departamentga topshirishga rozi bo‘lgan.

Bir kun oldin Oq uy Bayden o‘z kabinetida maxfiy hujjatlar topilgani bilan bog‘liq vaziyatga jiddiy munosabatda bo‘lgani, uning xodimlari bu masala bo‘yicha Adliya vazirligi bilan o‘zaro hamkorlik qilayotganini bildirgan.

Shu hafta boshida AQSh OAVlari Vashingtonda Bayden vitse-prezident lavozimida ishlagan davriga oid o‘nga yaqin maxfiy hujjat topgani haqida xabar berdi. Materiallar Baydenning shaxsiy advokatlari tomonidan 2 noyabr kuni, oraliq saylovlardan olti kun oldin topilgan. Prezidentning maxsus maslahatchisi Richard Sauberning aytishicha, advokatlar hujjatlarni Baydenning idorasi bo‘shatilganda topgan. Ma’lum qilinishicha, hujjatlar boshqa sir bo‘lmagan qog‘ozlar bilan jildda saqlangan. CNN ta’kidlashicha, advokatlardan biri “shaxsiy” deb yozilgan papkani ko‘rib, uni ochgan va ichidagi maxfiy hujjatlarni payqagan. Shundan so‘ng, advokat Milliy arxivlar va ish yuritish boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilgan.

O‘z navbatida, CNN ma’lumotli manbalarga tayanib, vitse-prezident Jo Bayden davridagi maxfiy hujjatlarda Ukraina, Eron va Buyuk Britaniyaga oid materiallar borligini ma’lum qilgan. Telekanal suhbatdoshining aytishicha, hujjatlar 2013-2016 yillar davriga tegishli.

Ular orasida prezidentlik yozuvlari to‘g‘risidagi qonunga taalluqli bo‘lgan maxfiylashtirilgan materiallar ham bor. Ushbu qonunga ko‘ra, barcha materiallarni prezidentlar Milliy arxiv va hujjatlar boshqarmasiga topshirishi kerak. Ularga tegishli prezident ma’muriyatining vakolat muddati tugaganidan keyin 12 yil o‘tgach ruxsat beriladi.