Bayden va Putin nima haqida gaplashadi?

Bryusselda bo‘lib o‘tgan Alyans a’zolari jipslashuvi haqida so‘z borgan NATO sammitidan so‘ng AQSh prezidenti Jo Bayden ertaga Jenevada "munosib raqib" deb atagan odam bilan uchrashadi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan nimalar haqida gaplashmoqchi?

Jo Bayden, AQSh Prezidenti: "Men Prezident Putinga, agar u xohlasa, hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan sohalar borligini tushuntirmoqchiman. Ammo agar u hamkorlik qilishni xohlamasa, o‘tmishdagi kiberxavfsizlik sohasi va boshqa ba’zi bir faoliyatlar kabi ish tutsa biz javob beramiz".

Vladimir Putin uchrashuv oldidan Rossiya va AQSh uchun o‘zaro manfaatli sohalar mavjudligini aytdi:

"Ikki tomonlama munosabatlar so‘nggi yillarda eng past pog‘onaga tushib ketdi. Ammo o‘zaro manfaatlarni aks ettiruvchi savollar borki, ular AQSh va Rossiya manfaatlari yo‘lida yanada samarali hal etilishi uchun kelishuv va ayrim o‘zaro pozitsiyalar belgilashni talab etadi".

O‘zaro manfaat masalasidan tashqari, ko‘plab tortishuvli munozaralar mavjud. Misol uchun, AQShda Rossiya harbiy ekspansiyasi tahdidi haqida aytishmoqda va Putin "yarim orolning qadrdon portiga qaytishi" deb atagan Qrimning qo‘shilishini qoralamoqda.

G‘arbning tobora oshib borayotgan xavotiriga yana bir sabab, bu - Moskva va Pekin o‘rtasidagi yaqinlashuv. Bundan tashqari, Rossiya hukumati inson huquqlariga rioya qilmaslik va oppozitsiya lideri Aleksey Navalniyni zaharlash, keyin qamoqqa olishda ayblanmoqda.

Ehtimol Rossiya tomonidan qilingan kiberhujumlar, jumladan yaqinda Braziliyaning JBS go‘shtni qayta ishlash kompaniyasi va Amerikaning Colonial Pipeline neft quvuri tortish korxonasi kompyuter tizimiga xakerlik hujumlari amalga oshirildi. Ammo Putin bu ayblovlarni rad etdi va ularni bema’nilik deb atadi.

Demak, muhokama qilish uchun yetarlicha mavzular mavjud - tahlilchilar bo‘lajak uchrashuvni Kreml va Oq uy uchun yaqin to‘rt yilda o‘zaro munosabatlar rivojlanishi yo‘nalishini belgilash uchun imkoniyat deb bilishmoqda.