Baynalminalchi jangchi-veteranlar saxovatli tadbirkorlar ko‘magida qulay sharoitlarga ega bo‘lyapti
Afg‘onistonda halok bo‘lgan baynalmilal jangchilar xotirasini abadiylashtirish maqsadida 2020 yilda Chirchiq shahridagi yodgorlik majmuasi qayta ta’mirlandi. Faxriylar bu yerda bir ko‘shk va afg‘on urushi ramzi bo‘lgan bayroq o‘rnatishni maqsad qilishdi, ammo bu oson ish emas edi.
Shunday paytda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati Vasiylik kengashi raisi, “Eriell Group”, “Enter Engineering” va “Ferkensco” kompaniyalari aksiyadori Baxtiyor Fozilov ko‘makka keldi. Uning beg‘araz yordami tufayli ko‘shk hamda ramziy bayroq mustahkam va sifatli qilib bunyod etildi. Natijada afg‘on urushi faxriylari bir piyola choy ustida dolzarb masalalarni muhokama qilish barobarida, ob-havo sharoitlariga qaramay ko‘shkka tashrif buyuradigan kishilar bilan suhbatlar uyushtirib, halok bo‘lgan o‘g‘lonlarning xotirasiga hurmat bajo keltiradigan bo‘lishdi. Shu bilan birga endilikda yaqin-atrofda yashovchi aholi farzandlari bilan kechki vaqtlarda bu yerga kelib, hordiq chiqarib ketadi. Ayniqsa, ramziy bayroq yodgorlik majmuasiga o‘zgacha mahobat baxsh etib turibdi.
Shundan keyin faxriylar uyushmasi a’zolari bu yerda afg‘on urushi hamda O‘zbekiston konstitutsion tuzumini himoya qilish chog‘ida halok bo‘lgan askar yigitlar xotirasiga bag‘ishlab muzey barpo etishga kirishdilar. Chunki ushbu hududda uchta yodgorlik mavjud bo‘lib, biri Afg‘onistonda halok bo‘lganlar uchun, qolgan ikkitasi esa O‘zbekiston konstitutsion tuzumini himoya qilish chog‘ida vafot etgan maxsus harbiy operatsiyalarning jangchilari sharafiga o‘rnatilgan. Shu jihatdan majmuada muzey tashkil qilish zarur tadbir edi. Bu borada ham B.Fozilov bizga ko‘maklashdi. Tadbirkor tomonidan qurilishning puxta ishlangan to‘rt loyihasi muhokama uchun taqdim etildi va tez orada qurilish ishlari boshlandi. Natijada afg‘on urushidan ruhan yoki jismonan majruh bo‘lib qaytgan faxriy jangchilar ko‘rkam muzeyga ega bo‘ldi.
Gap B.Fozilovning xayrli ishlari haqida borar ekan, o‘zimiz guvoh bo‘lgan ayrim misollarni ham aytmasak bo‘lmas. O‘zbekistonda eng yosh oliygoh – Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SXTU) Vasiylik kengashining raisi sifatida Baxtiyor Fozilov to‘rt nafar talabaga kompaniya hisobidan maxsus grant ajratdi. Maxsus grant ajratilgan nomzodlar ichida afg‘on urushi faxriylari borligi kishiga quvonch bag‘ishlaydi. Jangchi-faxriylarga yordam berayotgan Baxtiyor Shuhratovich bayramlarda ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgani haqida ham xabar topdim.
2023 yilda Samarqand viloyatida ikki ilmiy-ma’naviy markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ulardan biri O‘zbekistondagi asosiy ziyoratgoh sanalgan, hozirda qayta ta’mirlanayotgan Imom Buxoriy me’morial majmuasidir. Zero, Imom Buxoriy, Shohi Zinda va Ruhobod kabi maqbaralarni bir kunda ziyorat qilish Samarqandda “kichik haj” sifatida baholanadi. Ikkinchi markaz esa Zarafshon daryosining manzarali qirg‘og‘ida qad rostlayotgan Samarqand xalqaro texnologiya universitetining yangi kampus binosidir. Bu inshootlarni barpo etishda ham tadbirkor B.Fozilovning xizmati katta bo‘lyapti.
Shuningdek, u aksiyador bo‘lgan kompaniyalar ko‘magida Samarqand shahridagi xalqaro aeroport terminali, Qashqadaryodagi “Uzbekistan GTL” sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi, Toshkent shahridagi “Humo Arena” muz saroyi, Moskva fizik tadqiqotlar instituti (MFTI) filiali, “Moskva energetika instituti” milliy tadqiqot universiteti filiali kabi ob’yektlar foydalanishga topshirilgan. 2022 yilning sentyabr oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkazilgan “Silk Road Samarkand” turistik majumuasi ham kompaniya tomonidan bunyod etilgan.
18-19 yoshlarida o‘limga tik ko‘z bilan boqqan, 20 yoshida urushdan majruh holda qaytgan biz, jangchi-veteranlarga ko‘maklashayotgan tadbirkor hamda ularga hammaslak bo‘lgan barcha saxovatpesha insonlarga, o‘z farzandlarining urushdan qaytishlarini ko‘rmagan ota-onalar hamda halok bo‘lgan quroldosh do‘stlarini mudom xotirlovchi insonlar nomidan tashakkurimizni bildiramiz.
Nailya Galiutdinova.
*Reklama o‘rnida