Bayramga munosib tuhfa
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 30 martdagi "O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari uchun uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi Qaroriga ko‘ra bunyod etilgan mazkur uylar harbiylarga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida berildi.
Yangi xonadon kalitlarini o‘z egalariga topshirish marosimida viloyat hokimi T.Jo‘rayev, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik A.Saidov va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, yangi xonadon egalarini tabrikladi.
– Turmush o‘rtog‘im harbiy bo‘lganligi uchun 13 yildan beri yurtimizning turli hududlarida yashadik, – deydi F.Nazarova. – Albatta, qayerda bo‘lsak ham davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Lekin o‘z uyimiz yo‘q edi. Bugun Samarqand shahrida barcha qulayliklarga ega, zamonaviy uy berilganidan xursandmiz.
Yangi uylar oldida bolalar sport maydonchasi, dam olish maskanlari, avtomobillar to‘xtash joylari tashkil etilgan.
– 16 yildan buyon Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilaman, – deydi Payariq tumani mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i S.Xolbekov. – Faoliyatim davomida davlatimizning doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lib kelyapman. Bugun imtiyozli tarzda uch xonali zamonaviy kvartiraga ega bo‘lganim ham oilam hayotidagi unutilmas voqea bo‘ldi. Albatta, bu g‘amxo‘rlikka javoban Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilaman.
Viloyat hokimi hamda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni yangi xonadonlarning ilk mehmoni bo‘lib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
O‘z muxbirimiz
***
A.ISROILOV olgan surat.